Bugun aholini farovonligini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirish, tuproq sifati va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mazkur ishlar davomi sifatida Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahrida “Gulfood” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan “Texnologik innovatsiyalar va hamkorlik orqali oziq-ovqat xavfsizligini rivojlantirish” sammitida ishtirok etdi.
Davra suhbati doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi salohiyati, mavjud imkoniyatlar, olib borilayotgan islohotlar hamda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan bilim va innovatsiyalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi muammolarini muvaffaqiyatli hal qilish uchun zamonaviy biotexnologiyalarni joriy etish va genomikaga oid yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish, genomika seleksiyalash va marker asosidagi seleksiya texnologiyalari hamda sintetik biologiyani keng rivojlantirish, zararkunandalar, kasalliklar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq og‘ir ekologik sharoitlarga chidamli ekin navlarini yaratish, yerlar degradatsiyaga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, tuproq unumdorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Qolaversa, vazir O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi imkoniyatlariga oid qator takliflarni o‘rtaga tashladi.
Jumladan,
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining importiga qo‘llaniladigan tariflarni maqbullashtirish;
– korrupsion omillarga qarshi kurashish;
– yo‘l infratuzilmasini yaxshilash;
– milliy diyeta va nutritsiya bo‘yicha ma’lumotlarni aholiga yetkazish;
– transchegaraviy daryolarni qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda boshqarish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Ushbu ustuvor vazifalarini ta’minlashning birdan bir yo‘li esa, bu sohaga ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish ekani qayd etildi.
Aytish kerak, bugun O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish, islohotlarni chuqurlashtirish, raqobatbardosh, bozor va eksportga yo‘naltirilgan sifatli mahsulot ishlab chiqarishni oshirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qo‘shilgan qiymat zanjirni yaratish, sohaga ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etish maqsadida ishlar amalga oshirilayotgan ishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu bilan birga, tashkilotchilar va ishtirokchilar tomonidan shu kabi tadbirlarda O‘zbekistonning chiqishlarini ko‘paytirish hamda arab dunyosini mamlakatimiz salohiyati bilan yaqindan tanishtirish taklifi bildirildi.
Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi sohasida bu kabi olib borilayotgan izchil islohotlar va xalqaro hamkorlik aloqalari xalqimizning farovon turmush kechirishiga, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zero, qishloq xo‘jaligi rivoji farovonlik va yuksalishga zamin yaratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: