Jizzax viloyatida bugungi kunda jami 1 ming 500 ta chorvachilik subyekti faoliyat koʻrsatmoqda. Yaʼni, qoramolchilikda 768 ta, qoʻy-echkichilikda 429 ta, quyonchilikda 7 ta, parrandachilikda 55 ta, asalarichilikda 34 ta hamda baliqchilikda 185 ta xoʻjalik mavjud.
Oʻtgan yili viloyatda goʻsht ishlab chiqarish 237,3 ming tonnani tashkil qildi. Sut ishlab chiqarish 694,1 ming tonnani, tuxum yetishtirish 419,9 million dona, asal ishlab chiqarish 1,2 ming tonnani, baliq yetishtirish 15 ming tonnani tashkil etdi.
Chorvachilik va uning tarmoqlarida umumiy qiymati 1 trln 53 mlrd soʻmlik 191 ta loyiha amalga oshirilib, 2000 nafardan ortiq doimiy va mavsumiy ish oʻrni yaratildi. Loyihalarning ishga tushirilishi hisobiga xorijiy davlatlardan 1122 bosh naslli qoramol, 7987 bosh naslli qoʻy-echki olib kelindi va 20 gektar intensiv baliq hovuzi tashkil etildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida Zomin tumanida bitta chorvachilikka ixtisoslashgan yirik xoʻjalikda biogomus ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida 11 ta goʻsht va sut mahsulotlari yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholiga 2,2 ming bosh mol kooperatsiya usulida yetkazib berildi.
Bu yil viloyat miqyosida barcha toifa xoʻjaliklaridagi 128 ming bosh sigir va tana sunʼiy urugʻlantirilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda 129 ming bosh, yaʼni rejaga nisbatan 101 foizga urugʻlantirildi.
Davlatimiz rahbarining “Chorvachilikda identifiqatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida Sharof Rashidov va Zarbdor tumanlarida jami ikkita chorvachilikka ixtisoslashgan yirik chorvachilik klasterlari tashkil etilishi belgilangan edi.
Ayni paytda Sharof Rashidov tumanidagi “Chaqmoq” fermer xoʻjaligiga 300 bosh, Zarbdordagi “Oʻtkir polvon” fermer xoʻjaligiga 1000 bosh qoramol keltirilishi boʻyicha loyihalash ishlari boshlandi.
Ushbu klasterlar ishga tushirilishi hisobiga 300 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi. Viloyatda chorvachilikda naslchilik ishlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va sunʼiy urugʻlantirishning tizimli tashkil etilishi tufayli 20 ta tovar xoʻjaligi naslchilik xoʻjaligi toifasiga oʻtkazildi.
Endilikda mazkur turdagi xoʻjaliklar sonini 60 taga yetkazish ustida ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, 2024-yilda shaxsiy va yordamchi xoʻjaliklarda 335 bosh naslli urgʻochi mol tayyorlab sotishni tashkil etish belgilangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: