FERMER.UZ kanalida berilgan murojaat suv va sug‘orish masalasida bo‘lib, Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi “Chamangulbibi” fermer xo‘jaligiga qarashli g‘alla va paxta yer maydonlari joriy yil 10-mart sanasiga qadar sug‘orilmaganligi ma’lum qilingan. “Fermer murojaati” xabari Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, viloyat hokimligining ma’lumotlariga asosan o‘rganish natijalari ma’lum qilinadi.
Aytish joizki, o‘tgan yilgi elektr tarmog‘ida yuzaga kelgan uzilishlardan barcha xabardor. Mazkur holat qishloq xo‘jaligiga ham ta’sir qilmay qolmadi. Har yili g‘alla va paxta maydonlarida sho‘r yuvish tadbirlari noyabr-dekabr oylarida yakuniga yetkazilgan. Biroq, tuman chegarasigacha bo‘lgan hududda joylashgan 3ta suv nasos stansiyasida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga kelganligi sababli suv berish, sho‘r yuvish jarayonlari kechikkan. Joriy yilning 17-fevral sanasida viloyatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashrifidan so‘ng elektr energiya tarmog‘ida mavjud muammolar bartaraf etildi. Fevral oyining ikkinchi yarmidan viloyatga g‘alla va chigit ekiladigan maydonlarga va aholi yer uchastkalari uchun suv yetarli miqdorda yetkazib berila boshlangan.
Bugungi kunda, Jondor tumanida 13 ming 887 gektar shudgor va 6 ming 714 gektar g‘alla maydonlari sug‘orilgan bo‘lib, tumanda 950 gektar maydonda birinchi sho‘r yuvish ishlari davom etmoqda. Tumanda suv tanqisligi va barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining suvga bo‘lgan talabi inobatga olingan holda, navbatlab sug‘orish joriy qilingan. Shu sababli, har bir hududga navbat bilan suv resurslari yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda, tumandagi Mustaqillik hududiga 3,1 m3/sek suv yetkazib berilayotgan bo‘lib, ushbu suv hududdagi barcha ekin maydonlarini navbat bilan sug‘orish uchun yetarli ekanligi aniqlangan. Fermer xo‘jaligiga qarashli shudgor maydonlarida ham sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish va g‘alla maydonlarini sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tumandagi navbatlab sug‘orish tartibi inobatga olingan holda, fermer xo‘jaligining ekin maydonlarini sug‘orish uchun suv resurslari joriy yilning 13-mart kunidan boshlab ajratiladi. Suv ta’minoti va sug‘orish ishlarining nazorati tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i O.Halimov zimmasiga yuklatilganligini ma’lum qilamiz.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: