Fermer.uz kanalida klaster va fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar, ularga berilayotgan imkoniyatlar teng emasligi, klaster tizimiga nisbatan ishonchsizlik kabi nuqtai nazarlar bir yoqlama yondashuv asosida yoritilgan.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, qulay agrobiznes muhitini yaratish borasida bir qator islohotlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan klasterlarning huquqiy maqomini belgilash, ularni tanlash, fermerlar bilan munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning ochiq-oshkora mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha vazifalari belgilab berilgan. Bozor tamoyillariga o‘tishda klaster tizimi muhim omildir. Aytish joiz, mamlakatimizda klaster va fermerlarga erkinlik, imtiyoz va ustuvorlik teng berilmoqda. Buni qabul qilinayotgan Farmon va Qarorlarda, amalga oshirilayotgan islohotlarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Bugungi kunda Klasterlar quyidagi uchta shaklda faoliyat yuritib kelmoqda.
Birinchi shakli – qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta mahsulotini yetishtirish.
Ikkinchi shakli – qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda mahsulot yetishtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilaridan fyuchers shartnomasi asosida mahsulot sotib olish.
Uchinchi shakli – qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan fyuchers shartnomasi asosida fermer xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchi xo‘jalik subektlaridan mahsulot sotib olish.
Hususan, paxta-to‘qimachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi, natijasida, respublikada ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi to‘liq (besh yil avval 40 foiz tola qayta ishlangan) va ip kalavaning 45 foizi qayta ishlanmoqda, shuningdek, sohaning yillik eksport salohiyati 3,2 milliard dollardan oshgan. Bu natijalarga erishishda, paxtachilik tarmog‘ida ishlab chiqarishning zamonaviy usuli bo‘lgan klaster tizimining joriy etilishi muhim omil bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi va sanoatni uyg‘unlashtirgan ushbu innovatsion usul tezda o‘zini oqlab, bu yutuqlarning ta’minlanishida klasterlar asosiy kuchga, sohaning drayveriga aylandi. O‘tgan davr mobaynida, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar joriy qilinib, o‘rtacha hosildorlik 2016-yilga (26 sentner) nisbatan 2022-yilda 34 sentnerga yoki 30 foizga oshgan.
Klasterlar tomonidan 2018-2022-yillarda 5,3 mlrd AQSh dollariga (bir gektarga 5,1 ming doll), shundan, qishloq xo‘jaligiga 1,2 mlrd dollar investitsiyalar kiritilib, 7 mingdan ortiq texnikalar olib kelindi, 152 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi va 30 ming gektar yerlar foydalanishga kiritildi.
Qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha 4,1 mlrd dollarlik 265 ta loyihalar ishga tushirilib, 288 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Mazkur jarayonlarda birinchi navbatda, fermer xo‘jaliklarining manfaatdorligini ta’minlanganlik darajasiga ustuvorlik berilmoqda.
Bugungi kunda klaster va fermerlarning hamkorligi to‘liq bozor tamoyillari asosida tashkil etilmoqda.
Fermer va boshqa ishlab chiqaruvchilarning daromadi 2017-yilga nisbatan 2 barobarga, bir nafar ishchining oylik ish haqi esa 2,4 barobarga ko‘tarildi. Tumanlarda soliq va budjet tushumlari 2017-yilga nisbatan 5-6 marotabaga ortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-noyabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PF-14-son Farmoniga asosan erkin raqobat va qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsadida, hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar) faoliyat ko‘rsatayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish huquqi berildi.
Bu o‘z navbatida:
birinchidan, bozor mexanizmlari asosida erkin, raqobat muhitini shakllanishiga;
ikkinchidan, fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy ravishda tanlash imkoniyati paydo bo‘lishi, paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilarining daromadi ortishi, bu orqali qishloq aholisi turmush tarzi yanada yaxshilanishiga;
uchinchidan, paxta-to‘qimachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirining ortishiga (tola, ip kalava, tikuv-trikotaj, tayyor mahsulot, eksport), qishloq xo‘jaligi, xususan, paxta to‘qimachilik sohasini sanoatlashishiga;
to‘rtinchidan, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, tuman iqtisodiyotining o‘sishiga, yangi ijtimoiy infratuzilmalarning barpo etilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4633-son hamda “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-4634-son qarorlariga ko‘ra, 2020-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosining, 2021-yildan boshlab boshoqli donning xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechildi hamda davlat buyurtmasi asosida paxta xomashyosi va boshoqli don (bosqichma-bosqich) yetishtirish bekor qilindi.
Jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlari hamda mahsulot yetishtirishning prognoz xarajatlari tahlilidan kelib chiqib, kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar e’lon qilinishi amaliyoti joriy qilindi (bozorlardagi narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritilib boriladi).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4633-son qaroriga muvofiq qishloq ho‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar) kredit mablag‘laridan erkin foydalanishi va moddiy resurslarni erkin tanlashi belgilab qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqqan holda, ishlab chiqaruvchilar uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va tovarlarni (YoMM, mineral o‘g‘itlar) erkin sotib olish imkoniyati yaratilgan.
Bugungi kunda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan xalqaro ekspertlar va mahalliy olimlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Ushbu qonun loyihasi fermer xo‘jaliklariga bir qator erkinliklar beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil
26-yanvardagi “Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-23-son qarori qabul qilingan bo‘lib, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatni yo‘lga qo‘yish, paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi korxonalar faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida chora-tadbirlar belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, klaster tizimi fermerlarning manfaatdorligini oshirish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash, qishloqqa sanoatni olib kirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: