Texnika dehqonning qanoti. Ayniqsa, bugungi zamonda agrar sohani qishloq xo‘jaligi texnikalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Dalada bajariladigan har bir agrotexnik tadbirda uning imkoniyati va kuchidan keng foydalaniladi.
Shu boisdan, 2024-yil bahorgi dala ishlarida jami 136 500 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlashi rejalashtirilgan.
Jumladan, texnikalarning umumiy miqdori 19 649 ta chopiq traktorlari, 19 130 ta kultivatorlar, 8 160 ta chigit ekish seyalkalari, 4 071 ta purkagichlar, 3 259 ta mineral o‘g‘it sepkichlar, 2 877 ta yer tekislagichlar, 4 623 ta chizellar va 74 631 ta tishli boronalarni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i A.Vaxabov rahbarligidagi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida bo‘lib, texnikalarning taʼmirlash ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni joyida ko‘zdan kechirib, tegishli amaliy yordamlar ko‘rsatib kelmoqda.
Texnikalarni taʼmirlash uchun hududlarda taʼmirlash maskanlari tashkil etilgan. Mazkur maskanlarda mobil taʼmirlash jihozlari (payvandlash apparati, stanoklar va boshq.), taʼminotchi korxonalar tomonidan sifatli ehtiyot qismlar savdosi va taʼmirlash ishlariga jalb etilgan ishchi-xizmatchilar uchun issiq ovqat va boshqa shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, Surxondaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida texnikalarni taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlarida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Yuqoridagi hududlarda har bir qishloq xo‘jaligi texnikasi taʼmir shartlari to‘liq bajarilganligi bo‘yicha qabul qilinib, zarur hollarda, taʼmirga oid kerakli tavsiya va maslahatlar berilmoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bu yilgi texnikalarni taʼmirlash ishlarini o‘tgan 2023-yilning shu davri bilan taqqoslaganda, qariyb 20-25 kun oldinda borayotganligini ko‘rish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: