Kartoshka – insoniyatning bug‘doydan keyingi ikkinchi nomi. Tomatdoshlar oilasiga mansub tuganak mevali ko‘p yillik o‘tsimon o‘simlik.
Kartoshka tuganagida kraxmal (20% ga yaqin), oqsil, qand va boshqa moddalar bor. Ulardan spirt, kraxmal va glyukoza olinadi. Kartoshka namsevar (ayniqsa, gullash va tuganak davrida), yorug‘sevar, bir qadar sovuqqa chidamli o‘simlik.
O‘simligining bo‘yi 50-80 sm, 3-6 poyali. Kartoshka oqdan to qizil tusgacha va turli shaklda bo‘lib, sirtidagi chuqurcha-ko‘zchalaridan kelgusi yil yangi poyalar o‘sib chiqadi. Ildizi popuk ildiz, barglari juft patsimon bo‘lingan, sarg‘ish-yashildan to‘q yashilgacha. Guli ikki jinsli, oq, och binafsha tusda, 2-3 tadan, baʼzan 4 tadan joylashgan. Urug‘idan seleksiya ishida foydalaniladi.
Vegetatsiya davri 60-150 kun. Kartoshka pishib yetilish muddatlariga qarab tezpishar (maysalashidan yetilishiga qadar 60–65 kun), o‘rtacha tezpishar (70–80 kun), o‘rtacha kechpishar (110–120 kun), kechpishar (130–150 kun) navlarga bo‘linadi. Asosan tuganaklaridan ko‘paytiriladi. Tuproqda tuganaklaridagi kurtaklari 5-8°С da una boshlaydi.
Kartoshka sabzavot almashlab ekish tizimida karam, bodring, poliz va dukkakli don ekinlaridan bo‘shagan yerlarda yaxshi hosil beradi.
Kartoshka ekiladigan yerning gektariga 60–150 kg azot (oziq modda hisobida), 100–200 kg fosfor va 30–60 kg kaliy, 15–20 t go‘ng solinadi, yer chuqur haydaladi. O‘zbekiston sharoitida ertagi kartoshka fevral oxiri -martda, janubiy tumanlarda hatto kech kuzda (oktabr-noyabrda), kechkisi may oxiri – iyunda ekiladi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda kartoshka yetishtirishga alohida eʼtibor berilyapti va kelgusida kartoshka importidan butunlay voz kechiladi. Kartoshkachilikda dunyoda yetakchi bo‘lgan Vengriya davlati bilan hamkorlikda kartoshkaning yangi navlarini In vitro usulida yetishtirish maqsadida, Toshkent viloyati hududida AKIS Agroxizmatlar markazi faoliyat olib boradi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda kartoshkaning 130 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan kartoshka mahsuloti Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: