Keyingi yillarda barcha sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar shiddat bilan ilgarilamoqda. Umuman, davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbari Shuhrat Otajonovlar akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib hududda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Qishloq xo‘jaligi fundamental tadqiqotlari markazining (Centre Of Excellence) qurilish loyihasini amalga oshirish yuzasidan qilinayotgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi.
A.Shukurov institut faoliyati bilan tanishar ekan, birinchi navbatda institut bugungi kunda qanday ishlarni amalga oshirayotgani, tadqiqotlar ko‘lami qay darajada bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Markaz hududiga kirib kelishdagi holat agrar sohaga bilim va innovatsiyalarni joriy etishga mas’ul bo‘lgan tashkilotning ish faoliyatini namoyon etishi lozim. Ammo yillar davomidagi e’tiborsizlik, ishni to‘g‘ri tashkil etishdagi kamchiliklar buning aksini ko‘rsatyapti. Biroq, yo‘l yoqalari va dala chetlaridagi bo‘sh yerlardan unumli foydalanish maqsadida mamlakat miqyosida keng qamrovdagi sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgan bir paytda institut hududi va unga yondosh yerlardan samarali foydalanilmayotgani xalqimizda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishini ta’kidladi.
Markaz qurilishi jarayonida institutining ta’mirtalab binolarini ham mukammal ta’mirlash, ilmiy faoliyatni yuksaltirish borasida ham tegishli tavsiyalar berildi.
Alisher Shukurov o‘z navbatida markaz soha ilmida yuksak natijalarga erishiladigan ilmiy dargoh bo‘la olishi, bunda eng avvalo ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ilmiy salohiyat bilan yondashish zarurligini qayd etdi.
Shu o‘rinda bitta mulohaza. Institut ichki hovlisida bir necha yillardan beri foydalanilmay kelinayotgan binolar mavjud. Tashrif buyuruvchi borki, albatta, bu binolarni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Ilmiy tadqiqot nomi bilan faoliyat yurituvchi makonda haqiqiy innovatsiyalar paydo bo‘lishi, qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalanishida mahalliy tadqiqotlar o‘z samarasini berishi joiz.
A.Shukurov ayni shu jihatga e’tibor qaratib, avvalambor sharoit yaratib berilishi, ilmiy salohiyat to‘planadigan maskan nufuziga yarasha ish ko‘lamini belgilanishini alohida ta’kidladi.
Tadqiqot maskanida kelgusi taraqqiyot mahsullari paydo bo‘lishi uchun ter to‘kish, lozim bo‘lsa intiluvchan yoshlarni rag‘batlantirish hamda qo‘llash tartibotlari tatbiq etilishi belgilandi. Reja va bajariladigan ishlar ko‘lami bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bunda eng asosiysi hozirgi holatni buzmagan holda galdagi vazifalar yuzasidan qilinadigan ishlarning ko‘lami belgilab olindi.
Zero, mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: