Bugun Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida 2024-yil hosili uchun hududlarda chigit ekish ishlarining borishi yuzasidan yig’ilish o’tkazildi.
Video-konferens-aloqa shaklida o’tgan yig’ilishda Vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari vakillari hamda viloyat boshqarma boshliqlari ishtirok etishdi.
Yig’ilish avvalida I.Abdurahmonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar hamda ularning ijrosi masalalariga e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan qishloq xo’jaligida qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash zarurligini qayd etib o’tildi.
Bundan tashqari mamlakatimizda oziq-ovqat balansini nazorat qilish muhimligi, shu o’rinda bozor munosabatlaridan kelib chiqqan holda ekinlarni hududlar bo’yicha joylashtirish eng muhim masala ekanligi aytib o’tildi.
Shuningdek, soha mutaxassislarining malakasini oshirishda kadrlar tayyorlash tizimini yaratish kerakligini, bu orqali hozirgi zamon nafasini qishloq xo’jaligi nuqtai nazaridan hamohangligiga erishish mumkinligi yig’ilishda ta’kidlab o’tildi.
Yig’ilish doirasidagi asosiy masala — chigit ekish ishlarining joriy holati tahlil qilindi. Xususan, hududlar kesimida chigit ekish ishlarining borishi, navlarni almashlab ekish tizimi doirasida urug‘lik chigit viloyatlararo tashilgan bo‘lsada, ayrim viloyatlar tomonidan ushbu ishlar oxirigacha yetkazilmagani tanqid qilindi. Bu o‘rinda viloyatdagi boshqarma boshliqlari faqat qog‘ozda emas, amalda ish faoliyatlarini namoyon qilish, bugun kabinetda o‘tirib emas, dalaga chiqib ishlash kerakligi aytib o‘tildi. Bularning barchasi hududlardagi aholi ma’murchiligi, ishchi o‘rinlarining bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim siyosat ekanligi vazir Ibrohim Abdurahmonov tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi.
Paxtachilikka ilm bilan yondashuv, chunonchi tindirilgan chigitni dala maydonlariga ekish paxtadan yuqori hosil olishga zamin yaratadi. Shuni aytish kerakki, bugun barcha birlashgan holda, bir yoqadan bosh chiqarib yurtimiz qishloq xo’jaligi manfaati yo’lida harakat qilish kerakligi qayd etib o’tildi. Bunda eng avvalo, barchasi xalqimiz farovonligi, turmush tarzining ijobiy tomonga o’zgarishiga olib kelishi, bugun oldingi xatolarni takrorlamaslik, balki, ulardan to’g’ri xulosa chiqarib ish tutish zarurligi yig’ilishda aytib o’tildi.
Yig’ilishda joriy yil birinchi marotaba amaliyotga tatbiq qilinayotgan xorijdan olib kelingan baraka urug’larini unib-o’sishini, shuningdek ularga qo’llanilayotgan agrotexnik tadbirlarni sifatli va o’z vaqtida amalga oshirishni nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yig’ilish doirasida ijro masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Kelib tushayotgan murojaatlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash muhim masala ekanligi qayd etildi.
Yakunda, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mas’ullarga har bir hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos g‘o‘za qator oralariga birinchi ishlov berish va yaganalash tadbirlari bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyanomalar ishlab chiqib, joylarga yetkazilishi, g‘o‘za nihollari 75-80 foiz unib chiqqan maydonlarda, ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida qator oralariga birinchi ishlov berish ishlari tashkil etish borasida topshiriqlar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: