Bugun dunyoda taraqqiyot shiddat bilan odimlayapti. Tezkorlik shu darajadaki, kechagina shov-shuvga sabab bo‘lgan innovatsiya o‘rnini bugun yangisi egallayapti. Kashfiyotdan foydalanuvchida tanlash imkoniyati katta. Bu albatta, ilm-fanning rivojlanayotganidan dalolat.
Biz ham agrar soha ilm-fanida hech bo‘lmasa dehqonga, iste’molchiga naf keltiradigan, mahsulot tannarxini pasaytirishda yordam beradigan yangiliklar qila olamizmi? Ayrim ilmiy muassasalardagi ba’zi laboratoriyalar mas’ullarining ilm bilan shug‘ullanish o‘rniga faqat byudjetdan oladigan kafolatli maoshiga suyanib qolgani ham bor gap. Axir bu ilmga nisbatan haqsizlik emasmi?
Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov bugun tizimidagi ilmiy muassasalarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarni integratsiya qilishga bag‘ishlangan seminarda institutlar rahbarlariga ana shu savol bilan murojaat qildi.
– To‘g‘ri erishgan yutuqlarimiz ham bor. Biroq ochig‘ini aytish kerak, agar dehqon yoki iste’molchi bizning yutuqlarimizni tan olsa, baraka topsa chetdan urug‘lik yoki ko‘chat olib kelmaydi. Biz chetdan qaysidir ekin turini olib kelib mahalliylashtirish bilan shug‘ullanaversak tadqiqot qayoqda qoladi? Shu bois ilmiy loyihalarning natijadorligini ta’minlash, tezlashtirish uchun tarqoq emas, aksincha Milliy markaz tizimidagi barcha ilmiy muassasalar birikib, hamkorlikda ishlashi bir-birini to‘ldirishi zarur. Tadqiqotlarni o‘tkazishda ilmiy muassasalar bir-biriga amaliy yordam ko‘rsatsagina natijaga erishamiz, – deya ta’kidladi Sh. Otajonov.
Seminarda bevosita va masofadan turib ishtirok etgan ilmiy muassasalar rahbarlari va soha mas’ullari ushbu taklifni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
– Men taklifni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki ko‘plab ilmiy muassasalarda chorva uchun ozuqabop ekinlarning yangi navlari ustida ilmiy ishlar olib boriladi, lekin yaratilayotgan yangi navni o‘zlari mutaxassis sifatida sinovdan o‘tkaza olmaydi. Bu borada biz ozuqabop ekinlar seleksiyasi ustida ishlayotgan ilmiy muassasalar bilan yaqindan hamkorlikka tayyormiz. Chunki bu ayni muddao bo‘ladi. Maqsad, chorvachilik xo‘jaliklari uchun talabga javob beradigan ozuqa ekin navlarini yaratishdir, – dedi seminar ishtirokchisi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori A’zamjon Nurmatov.
Yana xuddi shunday fikrni Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Zohidjon Ziyodullaev bildirdi. Uning ta’kidlashicha, sholi bilan bir vaqtda baliq yetishtirish imkoniyati mavjud. Sholichilik rivojlangan mamlakatlarda bu amaliyot bor. Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida ham bu amaliyot tajribadan o‘tkazilgan. Ammo sholipoyada qaysi baliq turini parvarish qilish, oziqlantirish masalasiga ilmiy yondashuv zarur. Bu borada Sholichilik va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutlari o‘zaro hamkorlikda ilmiy loyihani amalga oshirishlari har tomonlama foydali bo‘ladi.
Seminar yakunida o‘rtaga tashlangan taklif va fikrlar tahlil qilinib, ilmiy muassasalarni integratsiya qilishga kelishib olindi. Hamkorlikda amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar bo‘yicha Milliy markazga takliflar bildiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: