O‘zbekistonning baliqchilik tarmog‘ida so‘nggi besh yilda umumiy qiymati 2,2 trln so‘mlik 1016 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, bu joriy yilda baliq yetishtirish hajmini 6 barobarga oshirish va 400 ming tonnaga yetkazish imkonini berdi. Baliq iste’moli 2016-yilga nisbatan 5,7 barobar oshdi. Shuningdek, yaqin yillarda baliq yetishtirishni 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mamlakatimizga baliqning 4 ta yangi turlari – osyotr, afrika laqqasi, lasos va tilyapiya keltirildi. Ular bugungi kunda O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilgan bo‘lib, juda yaxshi natijalar bermoqda.
Bu chora-tadbirlar O‘zR Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 20-dekabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishi asosida amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va kooperativ baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi fanlari falsafa doctori (PhD) A.R. Qurbonov “Yopiq suv ta’minoti qurilmalarida baliqlarni urchitish” texnologiyasini ishlab chiqdi. Loyiha doirasida institutda baliq yetishtirishda suv sarfini 20–22 foizga kamaytirish imkonini beruvchi kichik innovatsion havza qayta tiklandi. Mazkur texnologiyaga intellektual mulk agentligi guvohnomasi olingan (№3775).
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida yopiq suv ta’minotiga ega 7 ta havza mavjud. Bu yerda suv aylanadi, filtrdan oʻtib, kislorodga boyitiladi va yana qayta havzalarga tushadi. Hovuzlarda asosan issiqsevar baliq turlari saqlanadi: Afrika laqqasi va tilyapiya.
Yopiq suv ta’minoti tizimlaridan tashqari, Baliqchilik ITIda 4 turdagi – kometa, oranda, koya karplari va ryukin akvarium baliqlari joylashtirilgan 36 ta akvariumli xona mavjud.
Baliqlar asosan amerika qora pashshasining lichinkalari bilan oziqlanadi. Ushbu lichinkalarda baliqning immunitet tizimini mustahkamlovchi kalsiy, oqsil, aminokislotalar va yogʻ kislotalari kabi koʻplab vitaminlar mavjud. Lichinkalarni iste’mol qilganidan soʻng, baliqning rangi yorqinlashadi. Mitti baliqlarga ozuqa sifatida dafniya va artemiyalar beriladi.
Bu yerda osyotr ikrasi ham yetishtiriladi. Ular uchun hovuzlarga suv isitgichlari oʻrnatilgan.
Institut olimlari osyotr baliqlaridan sanoat sharoitida nasl olish texnologiyasini yaratishdi.
Baliqchilik ITIga osyotr baliqlari Rossiya davlatidan uvuldiriq paytida olib kelingan. Osyotrlar xonasida 25–28 °C darajada koʻpaytirish va uvildiriq sochish uchun 400 ga yaqin ona baliqlar boqiladi. Osyotr baligʻi 7 yoshida jinsiy voyaga yetadi, vazni 8 kg. Shu yoshidan boshlab ikrasi olinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: