Shuli Xe oilasi 20 yildan buyon O‘zbekistonda yashaydi. O‘zlari Xitoydan kelishgan. O‘zbekistonni esa o‘z vatanidek yaxshi ko‘rib qolishgan. Bugun ular Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 10 gektar maydonga ega fermer xo‘jaligini yuritishadi. U yerda respublikamiz uchun noanʼanaviy bo‘lgan nilufar o‘simligini yetishtirishadi.
Suratga olish guruhimiz ushbu o‘simlik gullab bo‘lganidan keyin, yaʼni avgust oyi oxirida mazkur fermer xo‘jaligiga tashrif buyurdi. Shunga qaramay, chiroyli, yoqimli iforli va ekzotik nilufar o‘simligini suratlarga muhrlashga ulgurdik.
Bizning iqlim sharoiti uchun nilufarni ekish biroz tavakkalchilikni talab qiladi.
Nima Uchun nilufar gulini yetishtirishga qaror qilgansiz?
O‘zbekiston – serhosil, quyoshli diyor. Uning tuprog‘ida ko‘plab mahsulotlar yetishtiriladi. Ammo nilufarni hozircha hech kim yetishtirib ko‘rgan emas. Xitoyda bu juda mashhur ekin. U shifobaxsh xususiyatga ega va dorivor o‘simlik sifatida yetishtiriladi. To‘pgullari, urug‘lari va tugunaklari ovqatga ishlatiladi. Barglaridan esa choy tayyorlanadi va shu bilan uning qimmatli xususiyati ortadi.
Biz ushbu loyihaga uzoq vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rdik va nilufarni aynan choy tayyorlash uchun yetishtirishga ahd qildik. Buning uchun sanitariya sertifikatini oldik va to‘liq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Ushbu O‘simlikning boshqalardan farqi nimada?
Birinchi navbatda, go‘zalligi. Nilufar guli sehrli tarovatga ega va yoqimli hid beradi. Ikkinchi afzalligi, uni ovqatga qo‘shib isteʼmol qilishadi. Uchinchisi, shifobaxshligi. Eng muhimi, barglaridan choy tayyorlanishidir.
Qanday agrotexnik ishlar olib boriladi?
O‘simlik unchalik injiq emas. Maxsus kimyoviy o‘g‘itlarni talab etmaydi. Faqat organik o‘g‘itlaymiz. Go‘ng, kompostlar, torf yoki somon, sanoat va xo‘jalik chiqindilari kabi. Biz ko‘proq o‘z xo‘jaligimizdan yig‘ilgan chiqindilardan foydalanamiz. Yozda o‘simlik shoxlab ketganda, uni siyraklatish va suv yuzasidan eski barglarini olib tashlash zarur.
Nilufar qancha yashaydi?
Gullarimizga uchinchi yil ketyapti. Uch yil avval urug‘larini ekkanmiz. Yildan-yilga o‘sib kelyapti.
Urug‘i aprel oyida ekiladi. Barglari yuqori haroratga chidamdi, quyosh urmaydi, gullari esa barglarining orqasida yashirinadi va ularni soyabon sifatida qo‘llaydi.
Birinchi yili ko‘p ekmaganmiz. Ikkinchi yili ko‘paytirdik. Uchinchi yili esa ikki gektarga yetkazdik. Kelgusida maydonni kengaytirishni niyat qilganmiz.
Nilufarning qanday turlari bor va siz qaysi navini ekib kelmoqdasiz?
Asosiy turi, bu Sariq va Yong‘oqsimon nilufar. Biz ikkinchi turini yetishtiramiz. O‘simlik qadimgi davrlardan madaniylashtirilgan, Hindiston ва Vyetnamning davlat ramzlaridan biriga aylangan. Xitoyda xalq tabobatida qo‘llaniladi. Osiyo oshxonasining milliy taomlari tarkibiga kiradi.
Nilufar – ko‘p yillik o‘simlik, bo‘yi 80‒150 sm ga yetadi. Baʼzilari 5 m balandlikkacha o‘sadi. Ildizi sudraluvchi. Ildizpoyasi tez o‘sadi va yirik bodring kabi semiradi. Hosil bo‘lgan kurtaklardan o‘simlikning barglari va gullari hosil bo‘ladi.
Barglari suv havzasining 2‒3 metr yuzasini qoplaydi. Yong‘oqsimon nilufarning barglari suv ustida 60 sm diametrda joylashadi.
Iyun oyidan oktyabrgacha gullaydi, keyin barglari so‘lib qoladi. Guli ikki haftagacha turadi.
Nilufarni yetishtirish ko‘p mablag‘ni talab qiladimi?
Unchalik emas. Asosan tuproq va urug‘larni tayyorlashga ko‘p xarajat ketadi. Biz urug‘larni Xitoydan keltirganmiz.
Nilufar oq nilfiyadan nimasi bilan farq qiladi?
Nilufarning hamma narsasi ishlatiladi, guli, urug‘i, barglari. Oq nilfiya esa ko‘proq manzarali ekin. Biz ularni asosan chiroyli ko‘rinishi uchun yetishtiramiz.
Nilufar choyining foydali tomonlari nimada?
Bu choy ko‘proq Xitoy va Vyetnamda mashhur. Butun organizmni tonusda ushlaydi, charchoqni oladi. Zaharli moddalarni haydab chiqaradi va immunitetni mustahkamlaydi. Shuningdek, ozmoqchi bo‘lgan insonlar uchun ayni muddao, chunki moddalar almashinuvini oshiradi.
Nilufar choyi C va B vitaminlariga boy. Uni shamollash, depressiya, tomir tortishishga qarshi, xotirani yaxshilash uchun tavsiya etishadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: