Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida aholi tomorqalari, fermer va dehqon xoʻjaligi issiqxonalarida pomidor, achchiq qalampir, shirin qalampir, bodring, baqlajon, qulupnay, sitrus mevalari baravj rivojlanyapti. Shu sababli issiqxonalarda zamburugʻli kasalliklarning rivojlanishiga sharoit yaratib bermaslik, fuzarioz, fitoftoroz, ildiz chirish, un shudring va soxta un shudring kabi bir qator kasalliklarning oldini olish muhimdir.
— Bunday kasalliklarga namlikning yuqoriligi, kunduzgi va tungi harorat oʻrtasidagi tafovutlarining kattaligi, notoʻgʻri sugʻorish, notoʻgʻri oziqlantirish, kimyoviy oʻgʻitlardan notoʻgʻri foydalanish va gigiyena qoidalariga amal qilmaslik asosiy sabab boʻladi,—deydi Fargʻona viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Fitosanitariya laboratoriyasi mudiri Abdurauf Mahmudov. — Misol uchun, birgina pomidorning famoz (jigarrang chirish) kasalligi, yaʼni hosil bandining chirishiga namlikning ortishi, chakki tomchilarining koʻpayishi sabab boʻladi. Meva bandida joylashgan gullarga chakki tomchilari tushgach, gullari zamburugʻlar orqali chiriy boshlaydi. Oqibatda gul bargi atrofi chirib, mevalar toʻkiladi. Bu zamburugʻli kasallikning oldini olish uchun issiqxonalarni tez-tez shamollatib turish va namlikning ortishiga yoʻl qoʻymaslik zarur.
Bugungi kunda laboratoriyamiz zamonaviy mezonlar asosida faoliyat koʻrsatishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan boʻlib, koʻchma laboratoriya xizmati orqali mutaxassislarimiz shahar va tumanlarda sohibkorlarga moʻl hosil yetishtirishda koʻmaklashib kelmoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: