Oʻzbek olimlari tomonidan genetik vektorlar va pomidor oʻsimligi asosida koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi marta pomidor oʻsimligidan toʻgʻridan-toʻgʻri iste’mol qilinadigan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi.
Mazkur nav koronavirusning S1 antigen oqsilini kodlovchi gen fragmenti maxsus vektorlarga joylashtirilishi natijasida yaratilgan boʻlib, S1 antigeni oqsilini muntazam ishlab chiqaruvchi pomidor hisoblanadi.
Pomidor mevasida 0.77 mkg/gr miqdorida turgʻun S1 antigen oqsili sintez boʻlishi koʻrsatib berildi va TOMAVAC vaksinasi sifatida tanlab olindi.
Qiziq, vaksina sifatida yaratilgan bu pomidordan qancha miqdorda isteʼmol qilganda Covid-19 ga qarshi antitanacha hosil boʻladi? Me’yoridan koʻp isteʼmol qilish, nojoʻya holatlarni yuzaga keltirmaydimi?
Koʻngilli insonlarda oʻtkazilgan 1-faza immunogenlik va bioxavfsizlik sinovlarda ular tomonidan 50 gram (38,5 mkg S1 antigeni) pomidorni (TOMAVAC) nahorga 3 kun davomida (umumiy 150 gram pomidor yoki 115,5 mkg S1 antigeni) isʼtemol qilganda ularning qon zardobidagi neytrallovchi antitanachalar faolligi birinchi kunga nisbatdan haftasiga 1,2 (oʻrtacha +42,28 BAU/ml) barobar koʻtarilib borgan, bu holatda koʻngillilarda hech qanday nojoʻya holatlar kuzatilmagan.
Aytish kerakki, mazkur nav ikki bosqichli (ichak shilliq pardasi va qonda) himoyani taʼminlovchi xavfsiz vaksina ekanini koʻrsatdi va u birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri iste’mol qilinadigan COVID-19 vaksinasi sifatida ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.
Maʼlumot uchun: olingan pomidor oʻsimligining yuqori turgʻun avlodi seleksiya qilinmoqda va kelgusida 2-3 faza klinik sinovlari oʻtkazilgandan soʻng, ehtiyojga qarab alohida maydonlarda yetishtirilishi mumkin. Shuningdek, TOMAVACni koronavirusga qarshi qulay isʼtemol qilinadigan biologik faol kapsulalar sifatida ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Hozirda liofilzatsiyalash va kapsulalash texnologik jarayonlari ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: