“Avatar” uzum navi 2004-yilda AQShning “International Fruit Genetics” kompaniyasi olimlari tomonidan yaratilgan. Xo‘raki uzumning “Sweet Sapphire” va “Moon Drops” kabi nomlari ham bor. Yuqori hosildorlik, donalarining yirikligi, qand miqdorining yuqoriligi, rangining o‘ziga xosligi uning bozorda boshqa navlarga nisbatan qimmat ekanini bildirib turadi.
Ushbu uzum navi so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo, Eron, Rossiya, Tojikiston va Ukrainada ham yetishtirib kelinmoqda. Yurtimizda mazkur uzum navi “Avatar” yoki “Kindik uzum” nomi bilan tanish.
Eksportda bozori chaqqon bu uzum navi GMO emas, balki bir nechta vinobop va xo‘raki uzum navlarining chatishmasi – yangi avlod navidir. Uzum genetik jihatdan o‘zgartirilmagan va “embrionni qutqarish” deb nomlanuvchi jarayon orqali yaratilgan. Ushbu usul urug‘lik embrionlarini madaniyatli muhitda rivojlanishiga imkon beradi, odatda urug‘siz nav hosil qilish uchun amalga oshiriladi.
Moon Drop ya’ni “Avatar” uzumining bir boshi uzunligi o‘rtacha 29 santimetr va kengligi 16 santimetr bo‘lib, har bir donasining uzunligi 3-4 santimetr va diametri 1-2 santimetr atrofida bo‘ladi. O‘zbekistonning mahalliy navlaridan farqli o‘laroq cho‘zilgan, bir xil va silindrsimon shaklga ega va bir uchida chuqurcha bor.
Uzumning silliq qobig‘i, yarim qalin, yaltiroq va tarang mevasi tashish va eksport uchun juda qulay sanaladi. Mevasi shaffof binafsha-yashil, urug‘siz va boshqa navlarga nisbatan shirinroq, suvli va iste’mol uchun yoqimlidir.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: