2021-yil 3-noyabr kuni Toshkent davlat agrar universiteti va O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» DM Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashdi. Hujjat universitetdan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektor Furqat Nurjonov, markazdan esa direktor Saidagzam Alimov tomonidan imzolandi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi kelajagi agrar sohaning barcha tarmoqlariga joriy etilishi rejalashtirilgan va jadal rivojlanish uchun eng yaxshi istiqbollarini ochadigan raqamli texnologiyalarga ko‘p jihatdan bog‘liqligini ta’kidladilar. Shu bois bugungi kunda yosh kadrlarning IT-tayyorgarligini kuchaytirish muhimdir, ular agrar faoliyatning turli bosqichlarida eng yangi texnologiyalar va yondashuvlarni ishonch bilan qo‘llay olishlari darkor.
«O‘rta Osiyodagi eng yirik agrar universiteti va agrosanoat kompleksini (ASK) raqamlashtirishga ixtisoslashgan markazimiz o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bu yoshlarga turli raqamli xizmatlar bo‘yicha ham bilim olish, ham amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun zarur muhitni yaratishdan iborat», — ta’kidladi Saidagzam Alimov.
Furqat Nurjonovning so‘zlariga ko‘ra, memorandum kelgusida IT-texnologiyalar va qishloq xo‘jaligini chambarchas bog‘lash, barqaror oziq-ovqat xavfsizligi yo‘lida turli agrar muammo va masalalarning raqamli yechimlarini izlash va topishga qodir bo‘lgan yangi kadrlarni tayyorlash jarayoniga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Uchrashuv doirasida ta’kidlanganidek, bugungi kunda «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» DM bazasida sohaning muammolarini o‘rganishga imkon beradigan chat-botlarini yaratish borasidagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Shuningdek, agrar sohani raqamlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha turli startap loyihalarni ishga tushirish, ta’limni boshqarishning axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish hamda agrarchilarning yosh avlodini raqamli texnologiyalar va platforma yechimlarini joriy etish jarayoniga jalb etishga yordam beradigan bir qator boshqa loyihalarni yaratish ham rejalashtirilgan.
Bularning barchasi ASKda texnologik yutuqlarga erishishga hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining raqamli rivojlanishi hisobiga ularning samaradorligi ortishiga hissa qo‘shadi.
Adizova Sabrina, 2 – bosqich
TDAU, «O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik» fakulteti
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: