Qashqadaryoda bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qamashi tumanidagi “Javlonbek sifat invest” fermer xo‘jaligi hamda Yakkabog‘dagi “O‘g‘in iftixori” meva-sabzavotchilik kooperatsiyasiga tashrif buyurdi.
“Javlonbek sifat invest” fermer xo‘jaligi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining ko‘zga ko‘ringan paxtachilik xo‘jaliklaridan sanaladi. Xo‘jalik 40 gektar yerga paxtaning sara navlarini ekkan bo‘lib, yil davomida g‘o‘zani o‘z vaqtida va yetarlicha o‘g‘itlab, kerakli barcha agrotexnik tadbirlarini talab darajasida bajarib keldi. Bugungi kunda “Javlonbek sifat invest” paxta dalalarida birinchi terim qizg‘in kechmoqda. Dalada paxtalar qiyg‘os ochilgan, har bir tupdagi ko‘saklar soni bu yil mo‘l hosil olinishiga dalolat qiladi. Shu sababli, paxtakorlar kuniga o‘rtacha 120-150 kilodan paxta termoqdalar.
Terimchilar uchun dalada barcha sharoitlar muhayyo, har bir kishi issiq ovqat bilan ta’minlangan, terilgan paxta haqi o‘z vaqtida to‘lab borilmoqda.
Aytish kerakki, Qashqadaryo nafaqat paxtasi, balki bog‘lari bilan ham tanilgan. Ayniqsa, davlat tomonidan intensiv bog‘larni tashkil qilish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga keng imkoniyatlar yaratilgani butun mamlakatda bo‘lgani kabi, voha mirishkorlarini ham ushbu serdaromad sohaga qo‘l urishga undamoqda.
Mana shunday imkoniyatlar va imtiyozlardan unumli foydalanayotgan qashqadaryolik xo‘jaliklardan biri Yakkabog‘ tumanida joylashgan “O‘g‘in iftixori” kooperatsiyasidir.
Ushbu meva-sabzavotchilik kooperatsiyasi uch yil oldin tashkil etilgan bo‘lib, Yakkabog‘ tumani hokimining 2020-yil 30-dekabrdagi qarori bilan kooperatsiya doirasida faoliyat yuritish uchun 130 nafar ehtiyojmand aholi vakiliga 130 gektar ajratildi. Ushbu tajriba o‘z samarasini bermoqda – bugungi kunda bu yerda olma va olxo‘ri daraxtlari parvarish qilinmoqda.
Ushbu bog‘larning to‘liq hosilga kirishi shu yerda yashovchi 130 nafar ehtiyojmand aholining daromadini ko‘paytiribgina qolmay, viloyat eksport salohiyatini ham yuksaltirishga xizmat qiladi.
Vazir Aziz Voitov xo‘jaliklarning faoliyatini o‘rganar ekan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va xo‘jaliklarda ish faoliyatini tashkil qilishda asosiy e’tibor mehnatkashlar, oddiy ishchi-xodimlarning moddiy manfaatdorligini oshirishga qaratilishi lozimligini ta’kidladi. Moddiy manffatdorlikka ega insongina o‘z ishiga mehr bilan yondashishini qayd etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: