Shu kunlarda Sirdaryo viloyatining Xovos tumaniga yo‘lingiz tushsa, dala maydonlaridagi qizg‘in ish jarayonlarining ustidan chiqasiz. Qaysi manzilga boqmang, keyingi yil hosili uchun ekin ekayotgan, joriy yildagi hosilni esa, yig‘ishtirib olayotgan mirishkorlarga ko‘zingiz tushadi.
Dalalarda kuzgi piyozni ekish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hozirda tumanda 4 ming gektar yer maydoniga to‘qsonbosti ekin sifatida piyoz, sarimsoqpiyozlarni ekish ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Jahongir mirzo” fermer xo‘jaligining 5 gektardan ziyod yer maydonida ham piyoz ekish ishlari avjida. Buni qarangki, ayrim maydonlarda ekilgan piyozlarni dastlabki sug‘orishga ham ulgurildi. Shuni alohida keltirish joizki, ajratilgan yer maydonining 413 gektariga kuzgi piyozni ekish maqsad qilingan. Bugungacha esa, 300 gektar maydonga ushbu ekin ekib bo‘lindi. Shuningdek, aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklarida, bog‘ qator oralariga ekish ishlari ham rejalashtirilgan. Agar ishlar shunday qizg‘in va risoladagidek kechsa, qisqa muddat ichida ushbu piyozni ekish ishlari ham o‘z nihoyasiga yetadi.
Kuzning ikkinchi oyi yaʼni oktyabrga kelib esa tumandagi yer maydonlariga to‘qsonbosti ekinlarni ekish boshlanadi. Ushbu ekinlarni tumandagi 2000 gektardan ortiq maydonda ekish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ekin ekish uchun yerlar tayyorlanmoqda. Bu yerlarga to‘qsonbosti ekin sifatida nafaqat piyoz, sarimsoqpiyoz, balki ko‘katlar, sabzi kabilar ham ekiladi.
Qalovini topsang, qor ham yonadi deb bejizga aytishmagan. Bugungi kunda fermer xo‘jaligida takroriy ekin sifatida ekilgan va ayni hosili yig‘ib olinayotgan ekinlarini ko‘rib, havas qilasiz. Bu yerda yer qadrini bilib, undan unumli foydalanayotganlargina mehnat qilishmoqda. Oshqovoq deysizmi, mosh deysizmi, barchasi bozorlarga, aholi dasturxoniga yetkazish uchun yig‘ib olinmoqda. Darvoqe, ushbu takroriy ekinlardan bo‘shagan yer maydonlari ham shunchaki keyingi mavsumgacha bo‘sh yotmaydi. Bu yerlarga ham to‘qsonbosti ekinlar ekish va erta bahorda dasturxonlarimizni to‘kin etishdek ezgu maqsad ko‘zda tutilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: