Avval xabar berganimizdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini ko‘zdan kechirish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi va bu yerda prezidentimiz qishloq xo‘jaligi hamda sanoatda amalga oshirilayotgan yangi istiqbolli loyihalar bilan tanishmoqda.
Tashrif doirasida turli tarmoqlar rahbarlari ham o‘zlari mas’ul yo‘nalishlarda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqdalar. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Farg‘onadagi ishchi tashrifini Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutidan boshladi.
Umumiy maydoni 5 gektarni tashkil qiluvchi ushbu institut eng zamonaviy talablar asosida qad rostlagan bo‘lib, bu yerda 4 ta ta’lim yo‘nalishida bakalaviriat va 2 ta ta’lim yo‘nalishida magistraturaga qabul boshlangan. Ta’lim muassasasiga jami 527 nafar talaba qabul qilinadi.
Vodiydagi yagona xalqaro davlat institutida qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Shu bois, tayyorlanayotgan mutaxassislar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bilimlarini oshirishlari va amaliyotni ham o‘tashlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun institutning o‘zida ham 12 ta inkubatsion markaz tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, bugungi kunda institut barcha mezonlarga to‘liq javob berib, bu yerda vodiy viloyatlari uchun qulaylik tug‘dirish maqsadida talabalarga yotoqxona ham tashkil etilyapti.
Kelgusida institut abituriyentlar qabulini 2000 nafarga yetkazishni ko‘zda tutgan. Bundan tashqari, ta’lim jarayonlariga ilg‘or mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalaridan mutaxassislarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Bu yerda talabalar zamonaviy audiovizual moslamalar yordamida ta’lim olishlari va barcha amaliyotni sun’iy intellekt bilan bog‘lagan holda bajarishlari uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Shuningdek, vazir Aziz Voitov AKIS markazi bilan ham tanishdi. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi aynan Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti bilan yondosh joylashganligining ramziy ma’nosi ham bor. Bilim va innovatsiyalar ta’limga keng joriy etilayotgan bir paytda, ta’lim va innovatsiya muassasalarining yonma-yon joylashishi ilmni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga imkon beradi.
E’tiborga molik tomoni shundaki, viloyat AKIS markazida fermerlar maktabi ham tashkil qilinadi. Bu yerda yosh fermerlar uchun ishni nimadan boshlash va qanday davom ettirish kerakligi haqida saboq beriladi. Jumladan, talabalar uchun institutdagi tahsil barobarida markazda ham bilim olib, o‘z tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatlari yaratiladi. Zero, qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish ilm-fanni amaliyot bilan mutanosiblikda olib borish va o‘zaro uyg‘unlashtirishni taqozo qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: