Bugun Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida “Makkajo‘xorini sifatli yetishtirish” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi. Ikki kunga mo‘ljallangan ushbu o‘quv seminarining nazariy qismida germaniyalik mutaxassis Robert Grimm o‘z tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
Seminar davomida mutaxassis “Markaziy Osiyo davlatlarida qishloq xo‘jaligini maslahat berish platformasini tuzish hamda mintaqaviy malaka oshirish markazini tashkil etish orqali modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida makkajo‘xori ekish va yetishtirish borasida bir qancha tavsiyalar berib o‘tdi.
Xususan, butun dunyoda global muammo sanaladigan qurg‘oqchilikka qarshi kurashish doirasida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini makkajo‘xori ekishda qo‘llash borasida so‘z yuritdi. Shuningdek, mutaxassis makkajo‘xori poyasini o‘rishda tag qismidan 40 sm qoldirish kerakligini, bu esa silosni hazm bo‘lish jarayonini, shuningdek, qoramollardan sut olish imkoniyatini ko‘paytirishini alohida ta’kidladi.
Umuman olganda seminar davomida makkajo‘xori yetishtirishda sifat mezonlari, o‘simlikni yetishtirish bo‘yicha tadbirlar, makkajo‘xori ekish, siloslik makkajo‘xori navlari, siloslik makkajo‘xori yetilishi, nav tanlash va donli makkajo‘xori ekish, o‘g‘itlash, zararkunandalarga hamda begona o‘tlarga qarshi kurashish borasida maslahatlar berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: