O‘zbekistonning qaysi hududiga bormang, g‘alla maydonlarida ishlarning qizg‘in kechayotganligini ko‘rasiz: o‘rim-terim ishlari yakunlanmoqda, somon yig‘ish, bo‘shagan yer maydonlarini takroriy ekinlar ekishga hozirlash ishlari jadal kechmoqda.
Joylardan kelayotgan ma’lumotlar bu fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Chunonchi, joriy yilning 21-iyun holatiga mamlakatimizning uchta viloyati – Surxondaryo (237 900 tonna, rejaga nisbatan 104,8%), Sirdaryo (190 000 tonna, 100,3%) va Xorazm (84 519 tonna, 99,4%) yetakchi uchtalikni tashkil qilmoqda.
Marraga yaqinlashib qolganlar orasida Buxoro (85,9%), Qashqadaryo (85,5%), Farg‘ona (83,6%), Toshkent (82,4%) va Jizzax (81,8%) viloyatlarini alohida tilga olish mumkin. Namangan, Samarqand va Andijon viloyatlarida ham xirmonga uyilgan g‘alla hajmi ko‘zni quvontiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27,4%) va Navoiy (57,8%) viloyatlari borasida esa, bunday deyish qiyin.
Respublika bo‘yicha olganda, 2023-yilda 2 565 000 tonna boshoqli don terib olish rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirga qadar 2 046 816 tonna don, jumladan 1 159 10 tonna (rejadan 90,3%) tovar don, 115 285 tonna (rejadan 47,9%) urug‘lik don xirmonga to‘kildi. Bu ko‘rsatkich rejaning 79,8%ni tashkil qiladi.
Xirmonning barakasi ehtiyojmandlarning duosi bilan, deyiladi xalqimizda. Binobarin, respublikada otaliqqa olingan xonadonlarga bug‘doy don va somon tarqatilishi reja asosida, tizimli olib borilmoqda. Bu borada 21-iyun holatiga amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirsak, quyidagicha manzaraga guvoh bo‘lamiz.
Respublika bo‘yicha jami 313 547 ta xonadon otaliqqa olingan bo‘lib, ularga 78 389 tonna don va 6 270 930 press somon tarqatilishi ko‘zda tutilgan. Shundan, hozirga qadar 136 012 ta xonadonga 33 754 tonna don (o‘rtacha 248 kg.dan) tarqatildi, bu rejaning 43,1 foizini tashkil qiladi. Somon bo‘yicha esa, 150 051 ta xonadonga 3 040 819 press (o‘rtacha 20 tadan) somon tarqatildi, ya’ni reja 48,5%ga bajarildi.
Bu borada Surxondaryo viloyati ishonch bilan yetakchilik qilmoqda – don tarqatish rejaga nisbatan 105,7%, somon tarqatish esa, 104,8%ni tashkil qilgan.
O‘lkamiz iqlimi, tuproq sharoiti bir yilda dala maydonlaridan bir necha marta hosil olish imkonini beradi. Chunonchi, g‘alladan bo‘shagan yerlarda takroriy ekinlar ekilishi yer unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bu yil respublika bo‘yicha 1 026 504 gektar yerga g‘alla ekilgan bo‘lib, 21-iyunga qadar mazkur ekin maydonlarining 55 foizida g‘alla o‘rib olingan, 47 foizi somondan tozalangan. Bu yil 904 909 gektar yerga takroriy ekin ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirga qadar qariyb 34% yer maydoni takroriy ekin ekishga tayyorlab qo‘yildi.
Bu borada Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari yetakchilik qilishmoqda, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm, Navoiy, Buxoro va Jizzax viloyatlarida ham faol ishlar olib borilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, bu yil g‘alla uchun ajratilgan umumiy maydon o‘tgan yildagiga qaraganda biroz qisargan bo‘lsa-da, takroriy ekinlar ekish mo‘ljallangan maydonlar aksincha, ancha kengaytirildi (o‘tgan yildagi 820 790 gektarga nisbatan bu yil – 904 909 gektar). Bu esa, yerdan foydalanish samaradorligi oshishiga, aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojlari to‘laroq qondirilishi va agrar sohaning eksport salohiyati yanada kuchayishiga xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: