Ma’lumki, mamlakatimizda Farg‘ona viloyati bog‘dorchilik bo‘yicha katta tajriba maktabiga ega. Hududda yetishtirilayotgan ko‘plab meva-sabzavotlar dunyo bozorlarida ham xaridorgirligi sir emas.
2020-yilda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi “Grapes and Gardens Investment” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan intensiv bog‘ misolida vodiy bog‘dorchiligi kelajagini ko‘rish mumkin. Aksiyadorlik jamiyatida bog‘dorchilik yo‘nalishida o‘rik, gilos va shaftoli ko‘chatlarini ekish uchun 151 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yer maydonlariga o‘rik ko‘chatining 11 xil navi, gilosning 3 xil navlari ekilgan. Jumladan, o‘rikning “Primaya”, “Luna”, “Rubista”, “Kosmos”, “Kolorado” kabi navlari yurtimiz iqlimiga mosligi bilan bir qatorda hosildorligi, 97-98 foizgacha sifatli meva berishi, ertapisharligi, ayniqsa, eksportbopligi bilan ajralib turadi.
Tolibjon G‘ofurov, “Grapes and gardens investment” aksiyadorlik jamiyati agronomi:
— Hozirgi kunda yig‘im-terim davom etmoqda. Ko‘chatlarimiz tomchilatib sug‘orish asosida sug‘oriladi. Har 50 gektarda 1 nafardan nasos operatorlarini joylashtirganmiz. 4 nafar traktorchi, 3 nafar qorovul smena asosida faoliyat yuritadi. 5 yildan keyin har bir gektar maydondan 35-40 tonna hosil olish rejalashtirilgan. Mana 3 yildirki gektaridan 20-25 tonna hosil olinmoqda. Bog‘ qator oralalaridan unumli foydalanish maqsadida 50 gektar yer maydoniga soya o‘simligini ham ekkanmiz. Hozirgi kunda soyadan ham yuqori hosil kutmoqdamiz.
Ko‘chatlar 4×2 sxemada ekilgan bo‘lib, 1 gektar maydonda 1 200 tup ko‘chat joylashtirilgan. Ushbu bog‘da ayni damlarda pishib yetilgan hosilning yig‘im-terim ishlari amalga oshirilmoqda. Yetishtirilgan hosilning 80 foizi MDH davlatlariga eksport uchun, 20 foizi esa ichki bozorga yo‘naltirilmoqda. Qayd etilishicha, intensiv bog‘ni tashkil etishda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) dan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi asosida 3 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Tolibjon G‘ofurov, “Grapes and gardens investment” aksiyadorlik jamiyati agronomi:
— Yuqori hosil olganimiz uchun o‘zimiz ko‘chat yetishtirishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. O‘rikning “Rubista” navi ko‘chatini yetishtirdik. Gilosning 3 xil navi – “Svet aryana”, “Svet laryans”, “Irlet burla” ko‘chatlarini yetishtirmoqdamiz. Bundan tashqari, uzumning “Avatar” navi ko‘chatini yetishtirdik. Bu navni ham quritib mayiz qilsa, ham barra holida eksport qilsa bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: