Fermerlik sir-asrorlarini oddiy o‘yin orqali o‘rganish imkoniyati haqida eshitganmisiz? Toshkent shahrida Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha German Sparkassenstiftung tashkiloti tomonidan O‘zbekiston agrar sohasining bo‘lg‘usi ishtirokchilari uchun taqdim etilgan “Fermer xo‘jaligi biznes o‘yini” xuddi shu maqsadda ishlab chiqilgan. O‘tkazilgan trening davomida ishtirokchilar fermer xo‘jaligini yuritish yoki ushbu sohada tadbirkorlik qilishda nimalarga eʼtibor berish kerakligi, qaror qabul qilishdagi muhim qoidalar, bank bilan munosabatlarda nimalarga asoslanish lozimligini o‘rgandilar.
Qishloq xo‘jaligiga munosib hissa qo‘shish barobarida ushbu sohada yaxshi daromad olishni maqsad qilgan yoshlarga mo‘ljallangan xalqaro o‘quv dasturi O‘zbekistonning bir qator tashkilotlari, xususan, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, tijorat banklari va vazirliklar hamkorligida olib borilmoqda.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Fermer xo‘jaligi biznes-o‘yini uch turdan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar turli qiyinchiliklarga duch keladi va o‘ziga xos muvaffaqiyatlarga erishadi. Shu tariqa yangi bilim va tajribaga ega bo‘lishadi. O‘yin-seminarda ishtirokchilar fermer rolini o‘z zimmasiga oladi. Ular ishlab chiqarish/ yetishtirish jarayonlarini boshqaradi va sarmoya kiritadi hamda turli kutilmagan vaziyatlardan o‘tadi.
Ushbu o‘yinni olib boruvchi murabbiylarning taʼkidlashicha, o‘yindan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lajak fermerlarga sertifikatlar topshiriladi hamda bu sertifikatlar orqali loyihaga qo‘shilgan mahalliy banklarda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha German Sparkassenstiftung tashkiloti tomonidan ajratilgan xalqaro mablag‘lar hisobidan kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: