Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari 2022-yil 30-mart kuni Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili doirasida O‘zbekiston Respublikasida kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqbollari» mavzusiga bag‘ishlangan amaliy seminarda ishtirok etishdi.
Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida FAO-Turkiya hamkorligi dasturining bir qismi bo‘lgan FISHCap (Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xo‘jaligi va akvakulturani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish) loyihasi doirasida tashkil etildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Baliqchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-83-sonli qarorini amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Mazkur hujjat, jumladan, baliqchilik tarmog‘ining eksport salohiyatini oshirish, mahalliy baliq yetishtirish va akvakulturani qo‘llab-quvvatlash, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022-yilni Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili deb eʼlon qildi. Ushbu tashabbus baliqchilar va kichik hajmli baliqchilik ishchilarining oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlikka barham berish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishga qo‘shgan hissasiga jahon hamjamiyati eʼtiborini qaratish, ularning muhim roli to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va soha vakillarining qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirish maqsadida ilgari surilgan.
“Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yilining nishonlanishi fermerlar, baliqchilar va sohaning boshqa vakillarining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qo‘shayotgan beqiyos hissasining eʼtirofi bo‘ldi. Ushbu tashabbus kichik hajmli baliq yetishtiruvchilar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularning fikri barcha darajalarda, jumladan, davlat siyosatini shakllantirish va sohani rivojlantirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda hisobga olinishi muhim ahamiyatga ega”, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Tadbirda FAO ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi mutaxassislari, institut professorlari, ilmiy xodimlar, shuningdek, fermer va baliq yetishtiruvchilar ishtirok etdi. Seminar ishtirokchilariga Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yilining tarixi va ahamiyati haqida so‘zlab berildi. Seminarda, shuningdek, O‘zbekistonda akvakulturaning bugungi holati, kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mamlakatimizda kichik hajmli baliqchilik va akvakultura bilan bog‘liq tadbirlarni rivojlantirish va amalga oshirish rejalari muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilari uy sharoitida baliq yetishtirishning intensiv usullari bilan ham tanishtirildi, shuningdek, ozuqa bazasi, baliq kasalliklarining oldini olish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: