2023-yilning noyabr va dekabr oylari iliq kelganligi kuzgi boshoqli don ekinlarining o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning natijasida erta (avgust-sentabr) va optimal (oktabr) muddatda ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlari to‘liq tuplash davriga o‘tib, qishlovga kirdi.
Respublika mintaqalari (janubiy, shimoliy, markaziy va Farg‘ona vodiysi) tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, yanvar oyi uchun bashorat qilingan ob-havo quruq va iliq bo‘lishi kuzatiladigan bo‘lsa, g‘alla maydonlarining haydov qatlamida namlikning kamayishi, oziqlantirilmagan va sug‘orilmaganlik oqibatida sovuqqa, qurg‘oqchilikka va boshqa stress omillarga beriluvchan hamda kasalliklarga tez chalinuvchan bo‘lib qoladi. Natijada, bug‘doy tuplamasdan naychalash fazasiga o‘tib ketishi yuzaga kelib, don hosildorligini 30-35 foizgacha pasayishiga sabab bo‘ladi.
Kuzgi boshoqli don ekinlarining holatidan kelib chiqib, olimlar, mutaxassislar, tegishli rahbarlar, yer resurslari xodimlari, fermerlar bilan birgalikda g‘alla maydonlarini “yaxshi”, “o‘rta” va “qoloq” maydonlarga ajratish talab etiladi.
Bunda:
• “yaxshi” – erta va optimal muddatlarda ekilgan, 3-5 tagacha va undan ko‘p tuplagan g‘alla maydonlar;
• “o‘rta” – 3-4 barg holatidagi va 2-3 ta tup hosil qilgan g‘alla maydonlar;
• “qoloq” – kech ekilgan, siyrak unib chiqqan, 1-2-barg holatidagi g‘alla maydonlari kiritiladi.
Birinchi navbatda, “qoloq” maydonlarni konturlar kesimida 20-yanvargacha aniqlash, 1kv metr maydondagi o‘simlikning tup sonini konturlar bo‘yicha qayta hisob-kitobdan o‘tkazish (“yaxshi – 1kv metr maydonda o‘rtacha 400 dona tup soni) zarur.
Ta’kidlash joizki, g‘o‘zapoyasi olinmagan g‘o‘za qator oralariga ekilgan g‘alla maydonlariga quyosh nuri yaxshi tushmaganligi sababli, g‘alla maysalari to‘liq tuplamasdan tez va qisqa muddatlarda naychalash fazasiga o‘tishi hisobiga 1 kv metrda boshoq sonining keskin kamayib ketishiga olib keladi. Shundan kelib chiqib, g‘allaning rivojini tezlashtirish uchun g‘o‘zapoya o‘radigan agregatlarni va qo‘l kuchini safarbar etib, g‘alla maydonlarini 20-yanvargacha g‘o‘zapoyadan tozalash ishlarini yakunlash talab etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: