Bugun 20-iyul kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qashqadaryoga amalga oshirgan xizmat safaridan so‘ng unga qo‘shni viloyat Surxondaryodagi qishloq xo‘jaligi maskanlariga yo‘l oldi.
Dastlabki tashrif manzili “Sherobod Anor Impeks” MChJ ga qarashli zamonaviy issiqxona bo‘ldi. Ushbu maskanda anor soki, meva-sabzavot mahsulotlarini tashish, qayta ishlash, saralash, qadoqlash va saqlash bo‘yicha agrologistika markazining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mevalarni quritish, kalibrovka qilishni tashkil etish ishlari amalga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 50 mlrd so‘m. Yillik ishlab chiqarish quvvati 3 mlrd so‘m etib belgilangan korxonada yiliga 17000 tonna anor mevasi va 5000 tonna anor soki ishlab chiqarish ko‘zlanmoqda. Korxonaning eksport salohiyatiga eʼtibor qaratsak, 200 mln dollarni tashkil etadi.
Ayni paytda bu yerda 28 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, gidroponika usulida mahsulotlar yetishtirilmoqda. Issiqxonada eksportga yo‘naltiriladigan pomidorning sarxil pishganini ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.
Tashrif mobaynida Aziz Voitov issiqxonalarda ko‘chatchilikni to‘g‘ri tashkil etish, sifatli va xaridorgir mahsulot yetishtirish borasida mirishkorlar va mutaxassislar bilan o‘zaro fikrlar almashdi. Mutaxassislar o‘z tajribalaridan kelib chiqib, ushbu issiqxonalarning faoliyatini yanada samarador qilish bo‘yicha fikrlarini bayon etishdi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri ushbu tashrif doirasida bu yerda tashkil etilgan sovutish moslamalarini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu sovutish moslamasi 1000 tonna sig‘imdagi mahsulotlarni o‘zida saqlashga mo‘ljallangan. Ayni damda bu sovutish moslamalari mahsulotlar bilan limmo lim. Undagi mahsulotlar esa eksportga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, anor siqish va undan sharbat olish texnologiyasi ham shu yerda joylashtirilgan. Joriy yilda ushbu sharbatlar xalqaro sifat talablariga javob bergan holda qadoqlanib, xorijga eksport qilinadi. Shuni alohida qayd etish joiz, mana shu yerning o‘zida ko‘chatchilikni seleksiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: