Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qashqadaryo viloyatida urug‘chilik qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan yaqindan tanishishda davom etdi. Uning navbatdagi tashrif manzili Nishon tumanidagi “Nishon New Don Bestseeds” MCHJ bo‘ldi.
Ushbu korxona g‘alla urug‘ligini saralash va dorilash bilan shug‘ullanib keladi. Bu yerda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois, korxonaning kunlik ishlab chiqarish quvvati 150 tonna donni saralash va dorilashga teng. Bu esa oyiga 4 ming tonnadan ziyod sara va kasalliklardan xoli urug‘lik don yetkazib berish imkoniyati, demakdir.
Vazir korxonada urug‘lik donni saralash, turli kasalliklardan saqlovchi dorilar bilan ishlov berish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Sara urug‘lik mo‘l hosilning bosh omili ekanligini ta’kidlab, voha g‘allakorlarini sara g‘alla urug‘ligi bilan ta’minlash ishlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda chorvachilik muhim o‘rin tutadi. So‘nggi paytlarda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, chorva mollarini boqish va ularni urchitish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Vazir Aziz Voitov boshchiligidagi ishchi guruh viloyatning Nishon tumanidagi “Uz Engineering Construction Ndh” MCHJga qarashli chorvachilik kompleksida ham bo‘ldi. Vazir bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi.
Chorvachilikda Gollandiyaning “Golshtin” zotli sigirlari sut yo‘nalishidagi qoramollar ichida birinchi o‘rinda turadi. “Uz Engineering Construction Ndh” ga qarashli chorvachilik kompleksiga ham Gollandiyadan 500 bosh “Golshtin” zotli qoramollar keltirilgan.
Majmuadagi ish jarayoni bilan tanishar ekansiz, muvaffaqiyatga erishishning asosiy omillari nimada ekanligini tezda tushunib yetasiz. Ishning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, tizimning aniq ishlashi, ishchilarning ishga bo‘lgan munosabati, bularning bari shu jamiyatning, shu jamoaning yutug‘idir. Aziz Voitov bu yerdagi ish jarayoni bilan tanishar ekan, yurtimizda bunday chorvachilik majmualarini ko‘paytirishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Majmuadagi ish faoliyatini yanada kengaytirish borasida o‘z tavsiyalarini berdi.
Chorva fermasi Germaniyaning “GEA” firmasi sut sog‘ish apparatlari bilan jihozlangan bo‘lib, sog‘ish zalida bir vaqtning o‘zida 20 bosh sigir sog‘iladi. Majmua to‘liq kompyuter texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, bunda sigirlar salomatligi, urug‘lantirish vaqti, ozuqa iste’moli kam-ko‘pligi inson aralashuvisiz nazorat qilib boriladi. Majmuada parvarishlanayotgan chorva mollari to‘liq ozuqa ratsioni asosida oziqlantiriladi. Hozirda sog‘ib olingan sut Shahrisabz shahridagi “Lazzat pishloq” sutni qayta ishlash korxonasiga shartnoma asosida sotilmoqda. Kelgusida majmuada yetishtirilayotgan sutni shu yerning o‘zida qayta ishlab, qatiq, brinza, qaymoq va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: