Avval xabar berganimizdik, butun respublikadan Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan qishloq va suv xo‘jaligi hududiy bo‘linmalari mutasaddilari, fermerlar va soha mutaxassislari ishtirokida Samarqand va Buxoro viloyatlarida qishloq xo‘jaligida istiqbolli loyihalar, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga doir “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish borasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish” mavzusidagi respublika ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Shuxrat G‘aniyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroev, sohaga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbarlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq, va suv xo‘jaligi boshqarmalari boshliqlari va boshqa mutaxassislar qatnashdi.
Seminar doirasida qatnashchilar Jomboy tumanidagi “SAG AGRO” MChJga qarashli “In vitro” laboratoriyasi faoliyati va suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.
Bu yerda turli kasallik va zararkunandalardan xoli bo‘lgan hamda qurg‘oqchilikka chidamli, turli iqlim sharoitiga mos mevali daraxtlar navlarining klon payvandtaglari va payvandlangan ko‘chatlarni yetishtirish jarayoni mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Maroqandsifat” MCHJning Jomboy tumanida joylashgan tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret sug‘orish texnologiyalari, nasos filtrlari hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Klasterning Ishtixon tumanidagi dalalarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi borib ko‘rildi. “Ishtixon oltin dalalari” fermer xo‘jaligi dala maydonida o‘tkazilgan taqdimotda seminar ishtirokchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishning afzalliklari, ushbu texnologiyalarni joriy etgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga subsidiyalar ajratish tartibi, suvni tejaydigan texnologiyalarni lizingga berish, soliq va kredit imtiyozlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Respublika ko‘rgazmali seminarining ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari istiqbolli qishloq xo‘jaligi loyihalari, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish jarayoni bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga tashrif buyurdilar. Seminar ishtirokchilari dastlab Buxoro tumanidagi “Buxoro–Varnet” O‘zbekiston–Turkiya qo‘shma korxonasi qoshida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi akademiyasida bo‘lishdi.
Akademiya zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida issiqxona usulida pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon, qulupnay kabi bir necha turdagi mahalliy qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan bir qatorda, limon, mandarin, banan, papaya kabi o‘simliklarni parvarishlashni yo‘lga qo‘ygan. Mahsulot yetishtirish jarayonlarida ilm-fan va amaliyot integratsiyasiga to‘liq amal qilinadi, o‘simliklar laboratoriyasida “in vitro” usulining joriy etilgani soha vakillarida katta taassurot uyg‘otdi. Qayd etish joizki, 2019-yilda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ushbu korxona hozirgi kunda zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanmoqda.
Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilgan. Ya’ni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak bo‘lsa, shu yerda tayyorlanadi.
Tadbir ishtirokchilarining navbatdagi manzili Jondor tumanidagi “Yakkatut” paxtachilik, g‘allachilik, sholichilik va urug‘chilik klasteri bo‘ldi.
Moxonko‘l cho‘l hududidagi qarovsiz yotgan yer maydonlarini o‘zlashtirish natijasida yangidan barpo etilgan klaster korxonasining faoliyatida ham mamlakatimiz miqyosida ommalashtirishga arziydigan ko‘p jihatlar bor. Bu yerda tadbir ishtirokchilari ekin yerlarini ilmiy asosda boshqarish tizimi va uning natijalariga guvoh bo‘lishdi. Shu yerda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil yetishtirish jarayonida inson omilini kamaytirish, mehnat resurslarini tejash asnosida yuqori samaradorlikka erishish, ekin parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish borasida Buxoro viloyatidagi klaster korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.
“Yakkatut” klasterida bugungi kunda moyli va dukkali ekinlar yetishtirish borasida ham yaxshi tajriba to‘plangan. Klaster tomonidan 2022-2024-yillar davomida umumiy qiymati 170 milliard so‘m bo‘lgan 4 ta loyiha amalga oshirilyapti. E’tiborlisi, keyingi yillarda yana 6 ming gektar yangi yer o‘zlashtirilib, 2 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etiladi. Eng asosiysi, klaster tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili korxonaning o‘zida to‘liq qayta ishlanadi.
Amaliy o‘quv seminari ishtirokchilari mazkur korxona faoliyati, xususan, yaqinlashib kelayotgan g‘alla o‘rish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, korxona imkoniyatlari bilan ham yaqindan tanishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: