Kartoshka, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, ikkinchi non. Chunki non kabi, u ham me’daga tegmaydi. U nafaqat to‘yimliligi, balki shifobaxshligi bilan ham o‘ziga xosdir. Kartoshka tarkibida oqsil, yog‘, uglevodlar, organik kislotalar, B1, B2, RR, S, D, K, E, A vitaminlari, natriy, kaliy, magniy, kalsiy, temir, fosfor, yod kabi elementlar mavjud.
Bugungi kunda mamlakatimizda kartoshkaga bo‘lgan talab qariyb 4 million tonnani tashkil etadi. Shuning 80 foizdan ziyodi yurtimizda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan to‘ldirilmoqda.
Prezidentimiz joriy yilning mart oyida surxondaryolik dehqonlar bilan uchrashuvi chog‘ida viloyatning har qarich yeridan samarali foydalanish yuqori daromad va mehnat unumdorligini berishi haqida to‘xtalib o‘tgan edilar. Xususan, hozirda foydalanilmayotgan va lalmi yerlarni o‘zlashtirib, kartoshka va boshqa ekinlar yetishtirish ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabni to‘liq qondirishga xizmat qiladi.
Muzaffar Boboyorov, Jarqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:
– Intensiv texnologiyalarni qo‘llash natijasida yaylov va lalmi yerlarni o‘zlashtirish, bu orqali aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha bir qancha topshiriqlar berilgan.Ana shu jihatlar hisobga olingan holda, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi foydalanilmay qolgan hududdan jami 20 ming gektar yer ajratilgan edi. Shuningdek, vohada kartoshkachilik sohasining salohiyatini oshirish, yanada yuqori, barqaror hamda sifatli hosil olish maqsadida ko‘rsatilgan yer maydonini o‘zlashtirish uchun 42 ta yuqori unumli, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari olib kelindi. Ayni paytda esa ana shu texnikalar ko‘magida ajratilgan yerni to‘liq ekin ekishga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Aholining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Qumqo‘rg‘on tumanining Sayxon massividan 12,5 gektar, Jarqo‘rg‘on tumanining Oqtepa-2 massividan 7,5 gektar yer maydonlari tanlanib, bugungi kunda yer tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda bir mavsumning o‘zida 20 ming gektar joydan qariyb 400 ming tonna kartoshka olinsa, o‘rniga dukkakli yoki poliz ekinlari ekish natijasida 1-noyabrgacha yana qo‘shimcha 400 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari olinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: