Maymunjon – inson organizmiga koni foyda bo‘lgan kaliy, magniy kabi moddalarga boy reza meva. U asosan qumli tuproqlarda, tog‘ yonbag‘irlarida, donador va suv o‘tkazuvchanligi yaxshi bo‘lgan tuproq sharoitlarida yaxshi hosil beradi.
Maymunjon ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha qat’iy ilmiy tavsiyalar hali ishlab chiqilmagan. To‘g‘ri, o‘tgan asrning 60-70 yillarida bu borada bir qancha ishlar qilingan, ammo ba’zi sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmay qolib ketgan. Shu kunga qadar u shaxsiy tomorqa xo‘jaliklaridagina yetishtirib kelinmoqda.
Ammo keyingi yillarda agrar sohada ilmiy-tadqiqot ishlariga alohida e’tibor berilishi tufayli ushbu reza mevani o‘rganish, o‘lkamiz iqlim sharoitiga mos navlarini introduksiya qilib, maymunjonchilikni keng yoyish orqali ham xalqimiz dasturxonini bu mazali va foydali mahsulotga to‘ldirish, ham eksportga chiqarish imkoniyati yuzaga keldi. Chunonchi, Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik, vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari xorijdan maymunjon navlarini keltirib, izlanishlar o‘tkazmoqdalar.
Husniddin Berdialiev, Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik, vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti:
“Bu navning asosiy afzalligi – u yurtimiz iqlim sharoitlariga mos keladi. Sovuqqa hamda jazirama issiqqa chidamliligi bilan ajralib turadi. Maymunjon tarkibi vitaminlarga boy. Bu reza mevani o‘rganar ekanmiz, unda ko‘p miqdorda A, C, K vitaminlari mavjudligi e’tiborimizni tortdi.
Hozirda to‘rtta navi introduksiya qilib ekilmoqda. Bir tupda 32 tagacha meva hosil qiladi. Mevasining vazni o‘rtacha 9–12 gramm bo‘lib, bitta tupdan o‘rtacha 300–350 gramm hosil olish mumkin. Hosildorligi yuqoriligi barobarida saqlashga qobilligi ham yuqori – tabiiy sharoitda bir haftagacha saqlanib turadi”.
Maymunjon navlarini ikkiga bo‘lsa bo‘ladi: bir marta hosil beruvchi an’anaviy navlar va remontant – ko‘p bora hosil beruvchi navlar. Reza mevaning remontant turlari asosan issiqxonalarda yetishtirishga mo‘ljallangan.
Chingiz Ermatov, “Bardosh Eksklyuziv” MChJ ish boshqaruvchisi:
“Ko‘rib turganingiz tajriba uchastkamizga to‘rt navdagi maymunjon ekiladi. To‘rt navdan qay biri unumdorlik jihatidan, kasalliklarga chidamliligi jihatidan o‘zini ko‘rsata olsa, biz o‘sha navni katta dala maydonlariga ekamiz. Albatta, keng maydonga ekishdan oldin ilmiy laboratoriya bilan hamkorlikda tahlil qilamiz. Ham ilmiy jihatdan, ham moliyaviy jihatdan asoslab, dalaga eng ma’qul ko‘chatlarni chiqaramiz”.
O‘zbek olimlarining tadqiqotlari samarasi o‘laroq, yaqin kelajakda maymunjon ham mamlakatimizda keng ko‘lamda yetishtiriladigan va eksportga jo‘natiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari safidan o‘rin olishiga ishonamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: