Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi «Sardoba Universal Klaster»MChJ tomonidan 2024-yil hosili uchun boshoqli don ekilishiga zo‘r mehr va qiziqish bilan kirishildi.
Bu yil boshoqli don ekilishiga barvaqt kirishilgani sovuqlar boshlanguniga qadar g‘allaning tuplash fazasiga kirishga ulgurishi, bu esa qishda tinim davrini o‘tashiga asos bo‘lishi, pirovardida, gektaridan 80-90 sentnerdan hosil olinishi ko‘zda tutilgan.
Klaster tomonidan g‘allaning erta ekilishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Yer tayyorlash uchun yuqori unumli texnika, YoMM, sifatli urug‘, fosforli o‘g‘it – barchasi taxt. Yer tayyorlash va ekish guruhlari barchasi doimiy nazorat ostida kecha-yu kunduz ishlashga tayyor.
Ahamiyatli jihati shundaki, «Sardoba Universal Klaster» MChJ tomonidan ochiq maydonlarda ekish bilan sug‘orish tadbirlari peshma-pesh olib borilayotgani sababli old maydonlarda ko‘chat unib chiqib, dalani to‘liq qoplamoqda.
Kuzgi bug‘doy ekish boshlanganligi haqidagi yana bir xushxabar Sayxunobod tumanidagi “Ro‘zimurod Islom” fermer xo‘jaligidan ham kelib tushdi. Ushbu fermer xo‘jaligi ham 2024-yil hosili uchun yerga qut-baraka urug‘ini qadash ishlarini ko‘tarinki ruhda boshlab yuborgan.
Dehqonlar ta’kidlaganlaridek, bu yilgi qulay ob-havodan va sharoitdan to‘liq foydalangan holda g‘allaning erta ekilishi va sifatli sug‘orilishi – ko‘chatlarning to‘liq va sog‘lom unishi va o‘sishining garovi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: