Ijtimoiy tarmoqlarda, “Un narxi 20 kunda o‘z joyiga qaytadi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.
Aytib o‘tish joizki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi sohada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqotga har doim tayyor.
Lekin shunday bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi ma’lumotlarni oxirigacha o‘rganib chiqilmasdan, bir yoqlama yondashuv asosida keng ommaga taqdim etish holatlari uchramoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarmoqda tarqatilgan xabarlarni atroflicha va xolis o‘rganib chiqqan holda, quyidagilarni ma’lum qiladi:
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan aholini oziq-ovqat xavfsizligi bilan ta’minlash, bozorlarda narx barqarorligini saqlash bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, aholini un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida har yili mamlakatimizda 8 mln tonna atrofida bug‘doy yetishtirilmoqda. Talab esa, 104,4 foizni tashkil etadi.
Joriy yilning sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan dehqon bozorlaridagi narxlar o‘rganildi.
Bozorlardagi chakana savdoda Rossiya va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “365 kun”, “Turon”, “Mo‘tabar”, “Oltin don”, “Makfa” va boshqa markadagi oliy va 1 navli un qadog‘iga qarab 5000 so‘mdan 7500 so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa, ulgurji savdoda 5000–7000 so‘mni tashkil etmoqda.
Bu narx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 200-300 so‘mga oshganini (joylarda savdo rastalarida erkin narx belgilanishi oqibatida bundan ortiq darajada oshganini) ko‘rsatadi. Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi.
Bundan tashqari Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur segmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi. Bu har yili bo‘ladigan mavsumiy tebranish hisoblanib, o‘tgan yilning mos davrida ham ayni holat kuzatilgan. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi.
Haqiqatan, Qozog‘iston ichki bozorida narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi.
Ammo Chikago birja bozorida kelgusi yil uchun g‘alla shartnomasining narxi ancha pasayib ketgan.
Shunga qaramay, Qozog‘istonda o‘rim boshlanib, hosil yig‘ib olingach narxlar barqarorlashi prognoz qilinmoqda. Ayni kunlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘rim kechikmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan un mahsulotlarining ulgurji narxi esa, 4000-4500 so‘mni, chakana savdoda 5000-6000 so‘mni tashkil etmoqda.
Bu narxlar avgust oyiga nisbatan narx o‘sishi hamda aholi tomonidan ajiotaj mavjud emasligini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda, asosiy turdagi oziq-ovqat narxlarining monitoringi bo‘yicha hududiy shtablar tashkil etilib, bozorlardagi va savdo rastalaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini monitoring qilish hamda narxlar keskin oshib ketishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Narxning o‘sishi taxminlarga ko‘ra, eksportyor mamlakatlardagi korxonalarning mavsumiy sanitariya tozalash uchun yopilishi, shunga o‘xshagan xabarlar fonidagi tebranishlarning o‘z-o‘zidan bo‘lib ketayotgani achinarli hol, albatta. Odatda bu boshqa segmentlarda ham kuzatiladi.
Aytish kerakki, un narxi bilan bog‘liq xabarlarda “Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari ma’lumot berdi” – deb, urg‘u berilgan. Aslida, vazir o‘rinbosari un narxi emas, aksincha, bug‘doy narxi haqida fikr bildirgan. 20 kunda narxning o‘z joyiga tushishi deb, mavsumiy tebranishlarni e’tiborga olgan holda hosil tugashi va hosilning yig‘ib olingandan keyingi tafovut haqida so‘z yuritgan.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, tarqatilgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, o‘tgan yillarda ham bu kabi holatlar kuzatilgani va bu mavsumiy tebranish ekanini inobatga olib, ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishga chaqirib qoladi!
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: