Xalqaro moliyaviy tashkilotlar o‘zbekistonlik dehqonlarni yaqindan qo‘llab-quvvatlab kelayotgani – quvonarli hol. Moliyaviy ko‘mak ajratishda esa, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish asosiy shart etib belgilanishi tabiiy.
Farg‘ona shahridagi “Agro servis azia” MCHJ ham, pomidorchilik bilan shug‘ullanish uchun Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasi doirasida kredit olarkan, yangicha texnologiya – “Netxaus” usulida faoliyat yuritishga qaror qilgandi.
Netxaus nima o‘zi?
Netxaus – bu hasharotlardan himoya qiluvchi maxsus to‘r yopilgan va tabiiy havo aylanishini ta’minlaydigan majmua. Sodda qilib aytganda, u issiqxonalarda qo‘llaniladigan texnologiyalar asosida, yilning issiq davrida ham sabzavot yetishtirish imkonini beruvchi juda qulay yechimdir.
Mutaxassislar izohlashlaricha, yoz jaziramasida odatiy, plyonkali issiqxonalarda harorat nihoyatda ko‘tarilib ketadi, bu esa o‘simliklarga salbiy ta’sir qiladi: nihol qizib ketib, kasalga chalinadi, halok bo‘ladi. Bu muammoni hal qilishda plyonkani maxsus to‘rga almashtirish qo‘l keladi. Chunki to‘r quyosh nurini o‘tkazadi, lekin issiqni ushlab qoladi, natijada erta bahorda va kech kuzda hosil nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yozda esa, havo sirkulyatsiyasini ta’minlaydi, qolaversa, hasharotlardan, changdan asraydi. Natijada hosil sog‘lom va ekologik toza holda yetishadi.
Mana shu afzalliklardan unumli foydalanish maqsadida, “Agro servis azia” MCHJ Jahon bankidan olgan salkam 2 mln AQSH dollariga teng mablag‘ evaziga Isroildan netxaus qurish uchun kerakli jihozlarni keltirdi. Tayyor mahsulotni saqlash uchun muzlatkich qurdi. Urug‘liklar keltirishni yo‘lga qo‘ydi, asosiy netxaus-issiqxonalardan tashqari, bir nechta ko‘chatxonalar barpo etdi – ularda urug‘lardan pomidor ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Miftohiddin Dehqonov “Agro servis azia” MChJ direktori o‘rinbosari:
— Netxauslarimiz 2018-yilda tashkil topgan. 2019-yilda Prezidentimizning tadbirkorlarga yaratgan imkoniyatlaridan foydalanib, Jahon bankidan 1,996 mln AQSh dollari mablag‘ olganmiz. Bu mablag‘ga netxauslar qurdik. Buning uchun Isroildan quyoshdan saqlovchi to‘r keltirdik, 400 tonnali, uch kamerali muzlatkich qurdik. Ekin maydonimiz jami 8 gektar. Har bir gektarini netxaus qilib o‘raganmiz. Gektaridan 100 tonnadan hosil olamiz.
Asosan Ispaniyadan, “Fito” firmasidan Garraev-1, Piskaev-1 kabi navlar urug‘laridan keltiramiz. Chunki bu urug‘lar kasallikka chidamli bo‘lib, 99 foiz unib chiqadi. Hosili ham eksportbop sanaladi.
Gektariga o‘rtacha 25 ming tup pomidor ko‘chati ekiladi. 100 tonnadan hosil beradi. Asosiy netxauslardan tashqari, bir nechta ko‘chatxonamiz bor, u yerda xorijdan keltirilgan urug‘lar ekib, o‘zimiz uchun ko‘chatlar yetishtiramiz. Buyurtma tushganda, boshqa xo‘jaliklarga ham ko‘chat yetkazib beramiz.
Aytish kerakki, netxaus-issiqxonalarda yetishtirilgan ekologik toza mahsulot xorij bozorlarida talabgir sanaladi. Shu bois, fermer xo‘jaligi hosilning aksar qismi – 80 foizini eksport qiladi. 20 foizi esa, ichki bozorga chiqariladi.
Korxonada 30 nafar kishi muntazam ish bilan ta’minlangan. Mavsumiy ishchilar soni esa 150 nafardan 200 nafargacha yetadi.
Ushbu korxona faoliyati yurtimiz qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish hosildorlikni oshirishga, eksport ko‘lamini kengaytirishga turtki bo‘lajagini yaqqol namoyon etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: