Dunyo dehqonchiligida tuproqning tabiiy unumdorligini tiklashda dukkakli ekinlardan foydalanish samarali usullardan biri ekanligi ilmiy asoslangan bo‘lib, ularning orasida yeryong‘oq iqtisodiy samaradorligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi kuchli rivojlangan davlatlarda, jumladan Amerika qo‘shma shtatlarida ham almashlab ekish sxemasiga yeryong‘oq kiritilgan.
Yeryong‘oq dukkaklilar, jumladan mosh, soya va loviya ekinlaridan hosildorligi, yong‘oqlarining qayta ishlanmasdan yangiligicha ham iste’mol qilinishi, gektar hisobidan poya chiqimining yuqoriligi va uning vitamin hamda boshqa minerallarga boyligi, chorva hayvonlari sevib istemol qilishi bilan ustun turadi. Bir so‘z bilan aytganda yeryong‘oq chiqitsiz o‘simlik hisoblanadi. Shu sababdan yeryong‘oqdan olinadigan daromad ham boshqa turdagi dukkakli ekinlarga nisbatan 2,0-2,5 barobar yuqori bo‘ladi.
Toshkent davlat agrar universiteti Meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakulteti professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Maxfurat Amanova ham 17 yil davomida yeryong‘oqning yangi turini yaratish ustida bir qator ilmiy izlanishlar olib bordi.
Izlanishlar samarasi o‘laroq, olima yeryong‘oqning dunyo bozori va mahalliy dehqon fermer xo‘jaliklarining talablarini qondira oladigan ertapishar, serhosil, yirik qizil urug‘li, urug‘i tarkibida moy va oqsil miqdori yuqori bo‘lgan, urug‘ shakli standart talablariga mos, hamda baland poyali yangi «Lider” navini yaratishga va Davlat Reestriga kiritilishiga muvaffaq bo‘ldi.
Yeryong‘oq dukkakli o‘simlik bo‘lib, barglari hayvonlar uchun to‘yimli ozuqadir. Uni parvarishlashda qator oralariga ishlov berilishi talab etiladigan o‘simlik bo‘lgani uchun urug‘lari unib chiqishidan toki hosil organlari shakllanish davrigacha bo‘lgan vaqt davomiyligida yerga ishlov berib turiladi. Parvarishlash jarayonida begona o‘tlardan tozalangani, atmosferadagi biologik azotni o‘zlashtirib, tuproqda qoldirgani uchun almashlab ekishga yaxshi o‘simlik hisoblanadi. Uni har qanday texnik (qator orasiga ishlov beriladigan) ekinlar bilan almashlab ekish mumkin. Asosiy ekin sifatida bahor mavsumida yetishtirilsa, kuzgi boshoqli don ekinlaridan so‘ng takroriy ekin sifatida ekiladi.
Bu o‘simlikning yaxshi rivojlanishi uchun ekin qator oralarini yumshatish, ortiqcha namlikni qochirish, tuproq haroratini ko‘tarish, havo almashinuvini yaxshilash va begona o‘tlarni yo‘qotish juda muhim. Maysalar to‘liq unib chiqqandan so‘ng birinchi kultivatsiya va chopiq o‘tkaziladi. Ekilgan yeryong‘oq urug‘lari tuproq issiqligiga bog‘liq bo‘lib, ma’lum bir vaqtdan so‘ng urug‘lar unib, tuproq ustida yosh o‘simlik nihollari paydo bo‘ladi. Yeryong‘oq juda tez rivojlanadigan o‘simlik turi hisoblanadi. Shu sababdan uni parvarishlashda hech bir jarayonda kech qolmaslik lozim.
Toshkent davlat agrar universiteti professori Maxfurat Amanova tomonidan yaratilgan “Lider” navli yeryong‘oq Amerika, Hindiston va Xitoy navlari bilan to‘liq raqobatlasha oladi va o‘zining eksportbop, serhosil, yirik urug‘li ekani bilan ajralib turadi. Qolaversa, ushbu nav hosildorligi 6,5 tonnani tashkil etishi ahamiyatlidir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: