Biroz avval Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida O‘zbekiston va Xitoy davlat muassasalari, biznes doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘z ishini boshlagani haqida xabar bergan edik. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatimizning biznes salohiyatini, investitsion jozibasini namoyon etuvchi taqdimotlar bilan chiqish qildilar.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal sur’atlarda yuksalib bormoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham avvallari faqat meva-sabzavot eksporti xususida so‘z borgan bo‘lsa, endilikda yangi texnologiyalar, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, sohaning ilmiy bazasini mustahkamlash, O‘zbekistonning o‘zida urug‘lik yetishtirishni yo‘lga qo‘yish birinchi planga chiqmoqda.
Bugungi forumda ham mana shu masalalar muhokamalarning asosiy mavzusiga aylandi. O‘zaro muloqotlarda kuzatilayotgan tendensiya quvontirmay qo‘ymaydi – endilikda O‘zbekiston xorijiy korporatsiyalarni hamkorlikka chorlab murojaat qilmayapti, balki yirik kompaniyalarning o‘zlari O‘zbekiston bozoriga qiziqish bilan qarab, taklif va tashabbuslarini ilgari surmoqdalar. O‘zbekiston tomoni esa, o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, sarmoyadorlarni tanlash imkoniga ega. Forumning bosh mohiyati ham shundan iborat bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bugungi kunda sohada olib borilayotgan barcha o‘zgarishlar yurtimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar doirasida amalga oshirilayotganligiga va bunda Prezidentimiz qishloq xo‘jaligiga ilm-fanni olib kirish, texnika va texnologiyalar bilan boyitish hamda raqamlashtirishga alohida urg‘u berayotganligiga tadbir ishtirokchilarining e’tiborini qaratdi.
Tadbir doirasidagi muzokaralar chog‘ida CAMCE kompaniyasi, “Xinjiang Hualing Industry & Trade”, “Siyumeynong” va boshqa xitoylik kompaniyalar bilan qishloq xo‘jaligi texnikasi lizingi, chorvachilik komplekslarini qurish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, O‘zbekistonda tariq yetishtirish kabi yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikka oid hujjatlar imzolanishini o‘z ichiga olgan.
Mana shunday muzokaralarning ilk samarasi o‘laroq, ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 1,2 mlrd dollar qiymatdagi shartnoma imzolandi. Bu forum doirasida erishiladigan ko‘rsatkichlar debochasi, xolos.
Forum o‘z ishini qizg‘in davom ettirmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: