Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Qishloq xo‘jaligi vazirlarining sakkizinchi yig‘ilishi video-konferensiya rejimida bo‘lib o‘tdi.
Hindiston Qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vaziri Singx Tomar raisligida o‘tgan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Axadbek Xaydarov qatnashdi.
Tadbirda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida va samarali hamkorlik masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar ShHTga a’zo davlatlarning «aqlli» qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalar sohasidagi vakolatli idoralarining o‘zaro hamkorligi konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2023—2024-yillardagi Harakatlar rejasini tasdiqladilar.
Jumladan, Konsepsiya doirasida «aqlli» qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi hamkorlik sohalarini belgilab olish, innovatsion qishloq xo‘jaligi borasidagi eng yaxshi tajribalarni namoyish etish maqsadida konsultativ yig‘ilishlar, qo‘shma ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi. «Aqlli» qishloq xo‘jaligi sohasida texnik ta’lim va universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni birga tayyorlash loyihalarini amalga oshirish belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Xitoy tomoni 2023-yilda ShHT qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkazilishi haqida ma’lum qildi.
Yig‘ilish yakunida tadbir ishtirokchilari ShHTga a’zo davlatlar qishloq xo’jaligi vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilishiga kelishib oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: