Boysun. Temir yo‘l vokzali. Bir tomonda karnay surnay sadosi, bir tomonda chanqovuzning kishini bepoyon kengliklar sari chorlovchi mayin ovozi yangramoqda. Milliy kiyinib olgan jajji bolajonlar tomonidan ijro etilayotgan raqs kishi ko‘zini quvnatadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan 15-16-17-iyun kunlari o‘tkazilayotgan “III Yoshlar forumi” ishtirokchilari hozirgina kelib to‘xtagan poezddan tushib kelmoqda.
Boysun vokzali bag‘rida yurtimizning turli hududlaridan kelgan shijoatli yoshlar. Bir yoshlarki, barchasining ko‘zlari quvonchdan porlagan, bir yoshlarki, ularning barchasi kelajakka to‘la ishonch bilan boqqan. Yoshlar forumi ishtirokchilari tantanali kutib olingandan so‘ng avtobuslarda Omonxona sanatoriysiga yo‘l olindi.
So‘lim maskanda forum ishtirokchilari dastlab Omonxona sanatoriyasi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, so‘lim maskanning o‘ziga xos jihatlari, shifobaxsh suvi barchada yuqori taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar Omonxona sanatoriysidan Boysun tumanining Darband darasi tomon yo‘l oldi.
Viqorli tog‘lar, daraga tarovati taralgan gullar, pishqirib oqayotgan daryo. Forum ishtirokchilari Darband darasi tomon avtobuslarda borarkan yurtimizning betakror go‘zalligi o‘z nashidasini kuylayotgandek bo‘ladi. Forum ishtirokchilarining navbatdagi manzili so‘lim maskan “Xo‘jaimayxon ota” bo‘ldi.
Ushbu ziyoratgoh o‘zining bulog‘i bilan mashhur. Buloqdan bir soniyada bir necha kub metr suv yer ostidan qaynab chiqadi. Muzdek, tanga rohat beruvchi suv Boysun hamda Sherobod tumanlarini chuchuk suv bilan ta’minlaydi.
Ishtirokchilar esdalik uchun rasmga tushgach, Termiz tumaniga “Marvarid” sog‘lomlashtirish maskaniga yo‘l olishdi. Bu yerda yoshlar to‘rtta guruhga bo‘linib interaktiv o‘yinlar, amaliy mashg‘ulot olib borishdi. Har bir guruh qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlanmalari taqdimotini o‘tkazishdi. Yoshlar forumi ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: