Bugun qishloq xo‘jaligi sohasidagi har bir yo‘nalish zamon bilan hamnafas ravishda rivojlanishga intilmoqda. Bunda nafaqat mahalliy tajribalar asosidagi saʼy-harakatlar, izlanishlar, balki xalqaro tajribalarni o‘rganish va amaliyotimizga tadbiq etish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida tashkil etilgan “Zotdor chorva mollarini oziqlantirish va ratsionini tuzish” mavzusidagi seminar ham aynan chorvachilikni davr talablari asosida rivojlantirishga bag‘ishlandi. Unda ushbu yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Mutaxassislar tomonidan “Sog‘lom sigir ratsionining uch qismi: asosiy ozuqa, balanslashtiruvchi ozuqa, mahsuldorlik uchun ozuqa”, “Buzoqlarni to‘g‘ri oziqlantirish. Muammo va yechimlar. Ularning oldini olish”, “Sifatli ozuqaning chorvachilikni rivojidagi ahamiyati” mavzularida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Seminar eksperti, “Milk Tex Profi” fermer xo‘jaligi veterinariya vrachi Muhammadjon Safarov mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Keyingi besh yil ichida mamlakatimizda chorvachilik yo‘nalishiga berilayotgan eʼtibor natijasida ko‘pgina tadbirkorlar subsidiya va moliyaviy ko‘mak evaziga xorijdan naslli chorva mollarini olib kelishmoqda. Shuningdek, ushbu imkoniyatlar doirasida soha mutaxassislarini tayyorlash, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga sharoit yaratishga ham harakat qilinmoqda. Bugungi seminarda ham aynan endi ish boshlagan fermer xo‘jaliklari uchun sigirlarni tug‘ruqqa tayyorlashdan tortib, toki buzoqlarni to‘g‘ri parvarish qilish va ularni mahsuldor chorva moli bo‘lishiga erishish bo‘yicha maslahatlarimizni berdik. Bu ularning o‘z faoliyatlarini to‘g‘ri tashkil etishda va xo‘jalikning zarar va inqirozini oldini olishda muhim hisoblanadi.
Seminarda muhokama etilgan mavzulardan biri: “Chorvachilikda yo‘l qo‘yilgan xatolar va kamchiliklar”— bu nafaqat o‘sha xo‘jalikning, balki respublikada sohaning rivojiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Buning oldini olish uchun esa, buzoqlarning o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish, ularning hayotini saqlab qolish, to‘g‘ri parvarishlash lozim. 50 bosh buzoqning hayotini saqlab qolish orqali 250 ta chorva moli parvarishlanadigan fermadan 5 yildan keyin yana bitta katta ferma paydo bo‘lishiga erishish mumkin. Bu esa, bevosita mamlakatimizda sut, go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan aholi talabining qondirilishiga erishish demakdir.
Shuningdek, seminarda mutaxassislar va ishtirokchilar tomonidan sigirlarni sunʼiy urug‘lantirish orqali naslni ko‘paytirishga eʼtibor qaratilayotgani bo‘yicha ham muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Sunʼiy urug‘lantirish chorvachilikka qanday taʼsir ko‘rsatadi? Uning sigir beradigan sut mahsulotlariga zarari yo‘qmi? Ishtirokchilar tomonidan berilgan savolga mutaxassis shunday javob qaytardi:
— Sunʼiy urug‘lantirish orqali sigirlardan 90 foiz urg‘ochi buzoqlar tug‘iladi. Urg‘ochi buzoqning ko‘payishi sigirning, fermalarning qo‘shimcha ko‘payishi deganidir. Bu orqali fermer xo‘jaliklarining moliyaviy daromadi ham ortadi, xalqimizga qo‘shimcha sut mahsulotlari yetkazish hajmi ham ko‘payadi. Sigirlarning foydali makro va mikroelementlardan iborat ozuqa ratsionini to‘g‘ri tuzsak, uning suti ham shunga monand foydali va bezarar bo‘ladi.
Seminarda “Iqtisodiy tejamkor sut ishlab chiqarish” mavzusi ham maʼruza taqdim etilib, ishtirokchilarni chorva mollari uchun ishlab chiqarilayotgan zamonaviy, foydali ozuqalar bilan tanishtirib o‘tildi.
Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan seminardagi muhim maʼlumotlar, maslahat va tavsiyalar kelgusida har bir fermer xo‘jaligining faoliyatida o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: