Zamonaviy qishloq xo‘jaligi ilm-fan va innovatsiyalar bilan hamohanglikda jadal rivojlanib bormoqda. Bu esa sohada ko‘plab yutuq va imkoniyatlar yaratilishiga zamin bo‘lmoqda.
Joriy yilning 7-iyul kuni Prezidentning PQ-216-son “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, sohadagi ilmiy tadqiqotlar mavzularini shakllantirish, ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy qilish, kadrlar tayyorlashda agroklasterlar, kooperativlar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining real ehtiyojlarini inobatga olishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. 2023-yilning 1-sentyabridan boshlab:
— oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik; ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish; inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillari shartlaridan biri etib belgilanadi.
— qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini joriy etish bo‘yicha agroklasterlar, kooperativlar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillaridan iborat ilmiy-innovatsion guruhlar tashkil etiladi.
Shuningdek, ushbu sanadan mamlakatimizda quyidagi faoliyatlarni o‘zida qamrab olgan agroxizmatlar markazlari tashkil etiladi:
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarda faoliyat olib borayotgan “Agrobank” ATBning agromarkazlari va fermerlar maktablari;
— Savdo-sanoat palatasi tizimidagi sanoat parklari va inkubatsion markazlar;
— Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, o‘simliklar va veterinariya klinikalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar.
Shuniyam alohida taʼkidlash joiz, ushbu qarorga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali negizida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda idoralararo Qishloq xo‘jaligi fundamental tadqiqotlar markazi (Centre Of Excellence) tashkil etiladi. Ushbu markazlarda biotadqiqotlar va texnologiyalar bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar majmuasi, qishloq xo‘jaligi ekinlarining birlashgan Genbanki, Dala ekinlari urug‘chiligi milliy tadqiqot majmuasi direksiyasi faoliyatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilab berilgan.
Bundan tashqari, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti huzurida Buyuk Britaniya taʼlim tizimi asosida ixtisoslashgan Xalqaro maktab, ya’ni nodavlat umumtaʼlim muassasasi tashkil etiladi. Ushbu maktabga o‘quvchilar 2023/2024 o‘quv yilidan 1-sinf hamda 5-sinfga qabul qilinadi.
Qarorning to‘liq matni bilan ushbu havola lex.uz/pdfs/6527947 orqali tanishishingiz mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: