Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov boshchiligidagi vazirlik mutaxassislari hamda Janubiy Koreyaning Xalqaro Meva-sabzavotchilik instituti vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligi va ishlab chiqarish tizimini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan loyiha muhokama qilindi. Unga ko‘ra, Xalqaro Meva-sabzavotchilik instituti vakillari Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hududida gidroponika usulida smart issiqxona, shuningdek hududda kartoshkani saqlash uchun omborxona barpo etishni maqsad qilganliklarini aytib o‘tishdi.Ushbu loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad kartoshka urug‘i yetishtirishni samarali ishlab chiqish hamda bu tizimni boshqarishga qodir yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Shuningdek, loyihani amalga oshirish hisobiga mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va mahalliy fermerlarning daromadlarini oshirishga salmoqli hissa qo‘shish maqsad qilingan.
Ushbu smart issiqxonani oktyabr oyida ishga tushirish nazarda tutilgan. Issiqxonada O‘zbekiston hamda Koreya seleksionerlari yaratgan kartoshka navlarini sinov tariqasida yetishtirish asosiy maqsadlardan biridir. Yana bir maqsad — eng serhosil navlarni yetishtirishning to‘liq zanjirini yaratib, bu orqali magistrantlar va ilmiy tadqiqotchilarning malakasini oshirish, shuningdek mahalliy fermer xo‘jaliklariga yuqori hosildorlikka ega kartoshka urug‘larini yetkazib berishdan iborat.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, loyihani amalga oshirish 4 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda kartoshka urug‘laridan O‘zbekiston hududiga mos navlar saralanib olinadi. Ikkinchi bosqichda gidroponika usulida issiqxona tashkil etilib, urug‘lar qadaladi. Uchinchi bosqichda hasharotlardan himoya qiluvchi va tabiiy shamollatishni ta’minlaydigan maxsus to‘r bilan qoplangan kompleks — nethaus tashkil etiladi. To‘rtinchi bosqichda esa tayyor bo‘lgan kartoshka urug‘i mahalliylashtirilib, dalalarga ekiladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari qo‘llash ham nazarda tutilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: