“Topinambur” nomi braziliyalik hindularning “tupinamba” deb nomlangan qabilasi nomlanishi bilan bog‘liq. O‘simlikning vatani Shimoliy Amerika bo‘lib, u yerda yovvoyi tarzda o‘sadi.
Bu murakkabguldoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik ildizmevali o‘simlik.
Mamlakatimiz hududida XX asrning o‘rtalarida topinambur yovvoyi hayvonlarni boqish uchun ov xo‘jaliklarida, shahar bog‘lari va dam olish joylarida esa manzarali o‘simlik sifatida ekila boshlandi. Yaqin vaqtgacha bu o‘simlik deyarli har bir uy tomorqasida ekilardi. Sovuqqa chidamli va parvarishlash oddiy bo‘lgan chiroyli sariq gullari bor. Lekin uning nafaqat mazali, balki foydali bo‘lgan tugunaklari qimmatbaho sanaladi.
O‘simlik shiraliligi uchun “yer noki” deb ham yuritiladi. O‘zbekiston bozorlarida o‘simlikning ildiz mevalari kuzda paydo bo‘ladi. Topinambur vitaminlar, kletchatka, inulin, pektin va fruktoza, shuningdek, temir, kalsiy, kaliy, magniy, mis, fosfor, sink va kremniyning mineral tuzlariga boy.
Tugunakida mavjud bo‘lgan inulin qonda shakar miqdorini me’yorlashtiradi, oshqozon osti beziga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Jigarni himoya qiladi va safro chiqishini kuchaytiradi. Jigar va o‘t pufagida tosh va qum hosil bo‘lish jarayonini sekinlashtiradi.
Ozishga yordam beradi. Buning sababi, ildiz mevalari uglevod va yog’ almashinuvini normallashtirishga, qonda xolesterin darajasini pasaytirishga olib keladi.
Ular diuretik va yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega. Tanadan ortiqcha tuzni chiqaruvchi vosita sifatida tavsiya etishadi. Shish, podagra, osteoxondroz kasalliklarida naf keltiradi.
Topinamburdan gipertoniya, ateroskleroz, taxikardiya, stenokardiya va yurak-qon tomir kasalliklarida foydalanish tavsiya etiladi.
Immunitetni oshiradi. Topinambur ildizidagi askorbin kislotasining yuqori miqdori tananing himoya kuchlarini faollashtirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ildiz mevalari fosfor va argininga boy bo‘lib, ular chidamlilik va jismoniy kuchga qarshilikni oshiradi.
Meteorizmga moyil bo‘lgan odamlarda undan foydalanishda ehtiyotkorlik talab etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: