Qishloq xo‘jaligi vazirining Farg‘ona vodiysiga tashrifi rejadan tashqari tadbirni ham o‘z ichiga oldi — vazir fermer xo‘jaliklarining mexanizatsiyalashuvi masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Vazir qishloq xo‘jaligi texnikalarining mavsumga shayligi, texnik sozligi qay darajada ekanligi bilan qiziqdi. Mavjud texnikaning yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rgandi.
O‘z navbatida, joylarda mehnat qiluvchi mexanizator va ishchilarga yaratilgan qulayliklar Aziz Voitovning diqqat markazida bo‘ldi. Ma’lumki bugungi kunda dehqon-u fermerning yumushlari ancha yengillashgan. Dehqon og‘irini yengil qilish uchun keltirilgan texnika ko‘pgina ishni o‘z zimmasiga olgani bor gap. Mamlakatimiz Prezidenti ham hududlarga har bir tashrifi asnosida fermerlar bilan uchrashuv o‘tkazar ekan, aynan qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ishlariga alohida e’tibor beradilar. Bu boradagi yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildiradilar.
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashga berilayotgan yuqori darajadagi e’tibor davomi o‘laroq, vazirning bu tanishuvi doirasida ham tuman fermerlarining texnik ta’minoti, texnikalarning samaradorligi, ulardan foydalanishning qay darajada oqilona yo‘lga qo‘yilgani masalalari o‘rganildi.
Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘ladi, deydi xalqimiz. Binobarin, oldimizda g‘alla o‘rimi turgan ekan, kombaynlar har tomonlama ishga shay bo‘lishi maqsadga muvofiq. Uchrashuvda viloyat IIBB mutasaddilari hamda FVV mas’ullari bu borada qilinayotgan ishlar va yaqin kelajakdagi rejalari bilan bo‘lishishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: