Bugun 9-may – Xotira va qadrlash kuni. O‘tganlarni xotirlash, yon atrofimizda biz bilan bir havodan nafas olib kelayotgan yoshi ulug‘larimizni qadrlash xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug` fazilatlaridan biridir. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar esa shubhasiz hamisha xalqimiz ardog`idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko`rsatganlar, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, front ortida sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o`tgan momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, mana shunday dorulomon kunlargacha yetib kelganlariga esa g`amxo`rlik va e`tibor ko`rsatish mustaqillik yillarida yangicha ma`no-mazmun bilan boyidi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent shahrining Olmazor tumanida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi hamda uning hududida “Shon-sharaf” davlat muzeyi bunyod etilgan edi.
Prezidentimizning gʻoyasi va tashabbusi bilan innovatsion texnologiyalar asosida bunyod etilgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyi ekspozitsiyalari xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Shu bois, “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan Qishloq xo’jaligi vaziri o’rinbosari Qahramon Yuldashev boshchiligida vazirlik boshqarma boshliqlari va mas’ul xodimlari “Gʻalaba bogʻi”ga tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushida jasorat ko’rsatgan hamda yurt farovonligi yo’lida jonlarini fido etgan ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirgan holda, bog’dagi “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi poyiga gulchambar qo‘yishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bogʻning “Matonat madhiyasi” majmuasida butun oʻzbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirova va uning urushda halok boʻlgan besh oʻgʻlining vafodor rafiqalari aks etgan. Urush va uning oqibatlari, urush manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan majmuada esa oʻsha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻlar, Oʻzbekiston xalqining front va front ortida koʻrsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qaygʻu-alami, shuningdek, erishilgan buyuk gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasi ifodalangan.
Shuningdek vazirlik rahbariyati va mutasaddi xodimlari poytaxtimiz markazidagi Xotira maydoniga ham tashrif buyurib, “Motamsaro ona haykali” poyiga gulchambar qo‘yishdi. Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shundan so‘ng ular “Birodarlik qabristoni” memorial majmuasida ham bo‘lib Vatan ozodligi yo’lida jang qilib bedarak ketgan ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirib gulchambarlar qo‘yishdi.
Agar inson bir umr xalqiga, yurtiga fidoyilik bilan xizmat qilsa, halollik va poklikka oshno bo‘lib, Vatani uchun mehnat qilsa, xalq va jamiyat manfaatini doimo ustun deb bilsa, uning avlodlari ham shubhasiz shunday fidoyi inson bo‘lishga intiladi va o‘z ajdodlaridan faxrlanib yuradi.
Bugun Ikkinchi jahon urushining bevosita guvohi bo‘lgan qahramonlarimiz sanoqli qoldi. Bugungi tinch-osoyishta kunlarga yetib kelishimizga ulkan hissa qo‘shgan vatan o‘g‘lonlari ular. Ularning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy qoladi.
Insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasligini, ostonamizga yaqin yo‘lamasligini so‘raydi. Shu bois doimo duoga qo‘l ochganimizda, avvalo, tinchlik-xotirjamlikni, salomatlikni Yaratgandan so‘raymiz. Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: