Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi Bag‘dod nav sinash uchastkasida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, nav sinash markazlari olimlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari a’zolari ishtirok etdilar.
Bugungi kunda yurtimizning iqlim sharoitlariga mos bug‘doy hamda paxtaning yangi navlarini yaratishda soha olimlari ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Xususan, Bag‘dod nav sinash uchastkasida ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari tomonidan yaratilgan 27 turdagi paxta hamda 28 turdagi g‘alla sinov tariqasida ekilgan.
Ushbu ekilgan sinov navlari 3 yil mobaynida bir xil agrotexnik tadbirlar orqali parvarishlanadi. Eng yuqori hosildorlik va iqlim sharoitiga moslashuvchanlik ko‘rsatgan navlar tanlab olinadi va Farg‘ona vodiysi dalalarida ekish uchun ko‘paytiriladi.
– Bugun yurtimizda fermerlar va dehqon xo‘jaliklari faoliyat yuritishi, mehnat qilishi va yuqori daromad olishi uchun barchasi muhayyo, – deydi Farg‘ona viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abduqahhor Qodirov. – Avvallari mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun yoqilg‘i va butlovchi qismlar yetkazib berishda muammolar bo‘lar, bu fermer uchun og‘riqli nuqta edi. Bugun nafaqat bu kabi muammolar bartaraf etilgan, balki yuqori hosil olish uchun eng sifatli navlar tanlanib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda. Dalalarimizda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan ham unumli foydalanilmoqda. Sohani rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratilmoqda, kredit olishdagi muammolar bartaraf etilgan. Bugungi ko‘rgazmali muloqotimiz ham eng avvalo, fermer dalasi uchun eng maqbul navni yaratish va uni yetkazib berishdan iborat.
Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning asosiy «o‘sish nuqtasi» va drayveri bo‘lishi uchun sohani 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan. Soha rivoji esa yuz minglab yangi ish o‘rinlari, aholi uchun real daromad manbai deganidir.
Albatta, urug‘chilikda erishilayotgan natijalar yaxshi, sohada innovatsion texnologiya ishtiroki esa quvonarli, lekin hozirgi davr bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni, ertangi kunni o‘ylab, uzoqni ko‘zlab islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda.
Demak, endi nafaqat paxta va bug‘doyning yangi navlarini yaratish va istiqbollilarini hayotga tatbiq etish muhim, balki qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan har bir mahsulotning hosildorligi, iqlim sharoitiga mos va yuqori sifatlisini tanlab olish zamon talabidir. Bu jarayonda nav sinash uchastkalarining istiqboldagi rejalari va ayni paytda sinovdan o‘tkazayotgan yangiliklardan kutilayotgan natijalar judayam muhimdir.
Odiljon Isoqov, Bag‘dod nav sinash uchastkasi boshlig‘i:
– Bizning nav sinash uchastkamiz 18,1 gektar maydonda joylashgan. Shundan 8 gektar bug‘doy, 9 gektardan ortiq maydonda paxta ekkanmiz. Faoliyatimiz xorijda va o‘zimizda yaratilgan yangi navlarni sinovdan o‘tkazishdan iborat. Bu yerda barcha navlar maxsus kodga ega bo‘lib, ularga bir xilda ishlov beriladi. Bu maydonda 28 xil bug‘doy ekilgan. Biz bu navlar tuproq va iqlim sharoitiga moslasha oladimi – mana shunga e’tibor qaratamiz. Uch yil davomida qaysi bir nav standart navga nisbatan yuqori hosildorlik ko‘rsatsa, shu navni davlat ekspertiza komissiyasiga taqdim etamiz, istiqbolli deb tan olinadi. Undan keyin kengroq maydonlarga ekilib, hududlashtiriladi.
Amaliy seminar yakunida barcha fermer va dehqon xo‘jaliklari dala maydonida sinovdan o‘tkazilayotgan paxta va bug‘doyning yangi navlari bilan tanishdi. Ta’kidlanganidek, ushbu sinov uchastkasida bo‘y cho‘zib turgan yangi navlar yaqin kelajakda fermerlarning dala maydonlarida mo‘l hosil berib, ularning daromadlari oshishiga zamin yaratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: