Bugun serquyosh diyorimizda qulupnay rosa pishgan davr. Bozorlardagi savdo rastalarida qulupnayning tovlanib turganini ko‘rib, ishtahangiz ochiladi. Ammo, dasturxonlarning qulupnayga to‘kinligi ortida dehqonlarning mashaqqatli mehnati yotganini barcha ham yaxshi bilmaydi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani “Nigora, Hilola, Zilola” agrofirmasining ijarachi-pudratchisi Tohirjon Rizayev uchun qulupnaychilik otameros kasb sanaladi. U qariyb 40 yildan beri qulupnay ekib, daromad ko‘rib kelmoqda. Chunonchi, shu kunlarda ham dehqon o‘z mehnatlarining samarasini yig‘ishtirish pallasida.
Avvallari qulupnayning “Jaydari” navini ekkan dehqon hozirgi kunga kelib, “Koreyscha” navini yetishtirmoqda. Ushbu nav hosildor bo‘lib, uni bir yilda ikki marotaba yetishtirib olish mumkin. Qulupnayning ushbu navidan kuzda va bahorda hosil olinadi. Birinchi mavsum – kuzgi qulupnay yanvarning ilk kunlarigacha hosil bersa, ikkinchi mavsum – bahorda mart oyidan to may o‘rtalariga qadar pishiqchilik davri bo‘ladi.
Ijarachi-pudratchi 20 sotix yerning 6 sotixini issiqxonaga mo‘ljallagan bo‘lib, qolgan 14 sotixida ochiq dalada qulupnay yetishtiradi.
Ayni kunlarda daladagi qulupnay hosili ayni g‘arq pishgan palla. Bir kunda 70-80 kilogramm qulupnay terilib, ichki bozorga yetkazilmoqda. Shu kungacha ushbu yer maydonining o‘zidan besh marotaba qulupnay terib olishga erishildi. Jami 600-700 kilogrammgacha hosil xalqimiz dasturxoniga yetkazildi.
Yig‘im-terim may o‘rtalarigacha davom etdai, dedik. Keyinchi? Dehqon biroz nafasno rostlaydyi-yu, keyingi hosil uchun kurashni boshlaydi: qulupnay iyul oyida ekilib, chopiq, o‘g‘itlash, sug‘orish kabi agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsagina, undan kutilgan hosilni yig‘ishtirib olish mumkin.
Darvoqe, qulupnay nega ertalab terilishini bilasizmi? Darhaqiqat, qulupnay erta tongda teriladi. Chunki qulupnay mevalari kunduzgi quyoshdan bahra olib, yanada shirali va mahsuldor bo‘ladi va ertasi kuni tong paytida barra holida terilib, xaridorlarga yetkaziladi.
Qulupnay yetishtirishda nafaqat mineral, balki mahalliy o‘g‘itlardan ham keng foydalaniladi. Ekinga mahalliy o‘g‘it berishning afzalligi shundaki, bu usulda yetishtirilgan mahsulot sifatli va xavfzsiz bo‘ladi. Bu esa, insonlarni xavfsiz oziq-ovqat bilan taʼminlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: