Bugun qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va shu orqali tizimda samarali natijalarga erishish zamon talabi hisoblanadi. Shu bois ham qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini qo‘llab quvvatlash va ularning rivojiga ko‘mak berish maqsadida moliyaviy mablag‘lar ajratilmoqda. Samarqand viloyatidagi “Smart issiqxona” ham ana shunday zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan. “Smart issiqxona” esa bu sodda qilib aytganda “Aqlli issiqxona” demakdir.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasidagi issiqxonani qayta taʼmirlash uchun Jahon Banki tomonidan moliyaviy ko‘mak ajratildi va buning evaziga 2022-yilda bu yerda zamonaviy «Smart issiqxona» barpo etildi. Ushbu issiqxonaning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerdagi issiqlik rejimi, sug‘orish, haroratni meʼyorida ushlab turish kabi jarayonlarni masofadan boshqariladi. Ya’ni bu yerda belgilangan rejimdan ko‘rsatkichlar pastga tusha boshlasa, yoki ko‘tarilsa, shu zahotiyoq tizim ishga tushadi va issiqxonaning yuqoridagi qanotlari ko‘tarilib, undagi haroratni meʼyoriga keltirish uchun kerakli darajadagi havoni haydaydi. Shuningdek, issiqxonada namlik yetarli bo‘lmasa, uni meʼyorida saqlab turish uchun suv uzatkichlari masofaviy tarzda ishga tushirilib, sug‘orish ishlari boshlanadi. Bu jarayonlarni ishchi bitta xonada o‘tirib yoki telefon orqali boshqarishi mumkin. Issiqxonadagi texnologiyalar ishi bilan bog‘liq barcha jarayonlar masofadan boshqarilgani va ishchi kuchi talab qilmasligi uchun ham uni “Smart issiqxona” deb nomlangan.
Bugungi kunda ushbu issiqxonada 300 dan ortiq mahalliy va xorijdan keltirilgan sabzavot va poliz ekinlarining nav namunalari yetishtirilmoqda. Bu yerda yetishtirilgan ekinlar Ilmiy-tajriba stansiyasining dala maydonlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Eng muhimi, hozirda ushbu issiqxonadan yilning to‘rt faslida ham samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Qishning sovuq, yozning jazirama kunlarida ham bu yerda uzluksiz ravishda ko‘chatlarni yetishtirilmoqda. Shuningdek, Ilmiy-tajriba stansiyasida faqatgina “Smart issiqxona” qurish bilan cheklanilmasdan, balki 200 tonnaga mo‘ljallangan sabzavot, poliz mahsulotlarini saqlash uchun sovutkich ham qurib bitkazildi. Ilmiy- tajriba stansiyasining maʼmuriy binosi to‘liq taʼmirdan chiqarilib, zamonaviy laboratoriya tashkil etildi.
Ushbu issiqxonada yana pomidorning “Mustaqillik 28” navi yaratildi va 2021-yilda Davlat Reestriga kiritildi. Hozirda issiqxonada ushbu pomidorning ko‘chatlari tayyorlanmoqda. Ko‘chatlar fermer va dehqon xo‘jaliklariga, klasterlarga shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Ushbu pomidor ultraertapishar nav hisoblanadi. Bu navni nafaqat asosiy ekin sifatida, balki bug‘doydan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin sifatida ham ekilib, undan 3 marotaba hosil yig‘ishtirib olish imkoniyati mavjud. Uni ko‘chat holatida dalaga ekilganida vegetatsiya davri 90-100 kunga teng ekanligi aniqlandi. Eʼtiborlisi, ekilganidan so‘ng 40-kunga kelib, ilk hosilni terish mumkin.
Hozirda ilmiy-tajriba stansiyasining issiqxonasida qovoqning 20 dan ortiq, patissonning 10 dan ortiq, kabachka qovog‘ini 10 ga yaqin nav namunalari kolleksiyasi mavjud. Jami qovoqdoshlar oilasiga mansub bo‘lgan o‘simliklarning 100 dan ortiq nav va namunalari kolleksiyasi saqlanmoqda.
Bugun mamlakatimizdagi mavjud yer maydonlarining bir qarich joyini ham bo‘sh qoldirmasdan ekin ekishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni anglagan mutaxassislar issiqxonadagi qo‘shimcha zahira joylardan ham samarali foydalanish maqsadida qovoq, patisson, kabachki ko‘chatlarini yetishtirishmoqda. Hozirda dala chetlariga o‘tqazish uchun qovoqning “Ispanesh73” navi ko‘chatlarini yetishtirib, tayyor holatga keltirildi.
Asosiysi, tajriba tariqasida barpo etilgan issiqxona bugun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi olim va mutaxassislarining izlanish va mehnatlarini yuzaga chiqarmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: