Markaziy Osiyo mamlakatlarida har yili chigirtka yog‘ilishi kuzatiladi. Chigirtka ekinlar va yaylovlarni ship-shiydam qilib, aholi oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Oldinlari chigirtkaga qarshi kurashishning eng tezkor va samarali usuli kimyoviy pestitsidlar sanalardi. Ammo, mana yigirma yildan oshdi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) zararkunanda hasharotlar bilan kurashishning ekologik nuqtai nazardan xavfsizroq bo‘lgan usullarini targ‘ib qilmoqda. Jumladan, FAO inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmay, faqat chigirtkani zararlaydigan biologik insektitsidlardan foydalanishni ilgari surmoqda.
Aprel oyi oxirida FAO tomonidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklar himoyasi agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida tashkil etilgan namunaviy sinovlar o‘tkazilishi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkaga qarshi milliy va mintaqaviy miqyosda kurashni yaxshilash bo‘yicha FAO dasturi” doirasida, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyalaydigan loyihalar qo‘llab-quvvatlashida o‘tkazildi.
Biopestitsidlarning namunaviy sinovida Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek Rossiya Federatsiyasining soha muassasalaridan 33 nafar vakil qatnashdi. Bunday amaliy sinovlar kelgusida Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtkaga qarshi kurashda biopestitsidlardan keng foydalanishni tashkil etish uchun o‘tkaziladi. Mintaqada har yili taqriban 4 mln 200 ming gektar yer qayta ishlanadi.
Kimyoviy pestitsidlar zaharning o‘zidir. Hatto ular to‘g‘ri qo‘llanilganda ham, inson salomatligi va atrof-muhitga xatar mavjud bo‘ladi. Kimyoviy pestitsidlar farqlamay qo‘llanilsa, ekotizim uchun zarur bo‘lgan boshqa hasharotlar ham yo‘q bo‘lib ketadi, bu ularning salbiy ta’sirini yanada yaqqol ko‘rsatadi. Shuningdek, pestitsidlar tuproqni, o‘simlikni, havo va suvni ifloslantirishi mumkin. Shu sababli biopestitsidlar inson salomatligi va atrof-muhit himoyasida katta rol o‘ynaydi.
Tadbir dasturi taqdimot va nazariya qismidan, shuningdek dalaga chiqishdan iborat bo‘ldi. Besh kunlik namunaviy sinov dalaga Metarhizium acridum (Novakrid) va Beauveria bassiana (Yashil to‘siq) zamburug‘lari asosida ikkita biopestitsid bilan Marokash chigirtkasining lichinkasiga qarshi ishlov berishni o‘z ichiga oladi. Shundan keyin chigirtkalar o‘rtasida o‘limlar sonini va maqsadli bo‘lmagan organizmlarga ta’sirni baholash o‘tkazildi.
Biopestitsidlarning nisbatan sust ta’sirini hisobga olib, ular bilan ishlov berish bevosita namoyish vaqtida ham, shuningdek, undan 8-10 kun oldin ham o‘tkazildi. Bu esa, ishtirokchilarga mazkur usulni atrof-muhitga salbiy ta’sir kuzatilmagan holda, zararkunanda hasharotlarni yo‘q qilishdagi samarasini o‘rganishda yordam berdi. Namunaviy sinovlar ketidan maqsadli bo‘lmagan organizmlarga ta’sirni aniqlash uchun atrof-muhit monitoringi o‘tkazildi.
Besh kunlik tadbir yakunida davra suhbati o‘tkazildi, unda ishlov berish natijalari muhokama etilib, mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi. Biopestitsidlarni qo‘llash bo‘yicha shunday namunaviy jarayonni 2023-yil iyun oyida Kavkazda o‘tkazish rejalashtirildi. Shundan keyin, ikkita namunaviy sinovlar natijalari joriy yil kuzda, har yilgi texnik seminarda mobaynida, «Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkaga qarshi milliy va mintaqaviy kurashni yaxshilash bo‘yicha FAO dasturi» doirasida tahlil etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: