Fermerning yerga qadaydigan urug‘i qanchalik sifatli, mahsuldor bo‘lsa, undan yetishtiriladigan hosil ham shunga yarasha mo‘l va barakali bo‘ladi. Sifatli urug‘ yetishtirish va uni fermer va dehqon xo‘jaliklariga yetkazib berish esa respublikamizdagi urug‘chilik markazlari tomonidan namunali tarzda olib borilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatidagi “Namangan elita urug‘chilik xo‘jaligi” MChJ ham bugun nafaqat viloyatdagi, balki respublikaning boshqa hududlaridagi yer maydonlariga ekiladigan don va chigit urug‘larini yetkazib berishda yetakchilik qilmoqda. Ushbu urug‘chilik markazi 2019-yilda tashkil topgan.
Urug‘chilik xo‘jaligida 100 gektar yer maydoniga urug‘lik ekiladi. Ushbu maydonlarning 40 gektari donli ekinlar urug‘larini, qolgan 40 gektari g‘o‘zaning urug‘lik chigitini yetishtirishga mo‘ljallangan. 20 gektarida esa, sabzavot-poliz ekinlari urug‘lari yetishtirilmoqda. G‘o‘zaning sifatli va hududning tuproq iqlimiga mo‘ljallangan “Andijon 35” navi 40 gektarning deyarli barcha qismida ekilib, saralanadi.
Bu yerda asosan 1 gektar birinchi urug‘lik maydoni, 2,9 gektar — ikkinchi urug‘lik maydoni, qolgan 36 gektar esa urug‘ni ko‘paytirish maydoni hisoblanadi. Bu maydonlarda asosan “Elita” va “Super elita” navlari yetishtirilib, fermerlarga yetkazib beriladi. 1 gektar maydonga 1,5 tagacha urug‘lik oilalari ekiladi. 2-maydonga 250 tagacha oila ekish mo‘ljallangan. Sinov dala maydonlarida g‘allaning ham yuqori hosilli, sifatli “Asr” va “Davr” navlari ekilib, bir necha bosqichlarda saralanmoqda.
Ushbu maydonlardagi urug‘liklarni o‘g‘itlash jarayoni har bir maydon uchun alohida tarzda olib boriladi. Shuningdek, unib chiqqan ko‘chatlarni yaganalash ishlari amalga oshiriladi. Bunda 1-maydondagi ko‘chatlarni 2 tadan, keyingisida 1 tadan qoldirilib, yaganaladi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, 1 gektar maydonga 55 ming 550 ta ko‘chat qadalgan bo‘lishi kerak. Yaganalash ishlari o‘tkazilganidan keyin hamma ko‘chatlar sanab chiqiladi va bu ko‘rsatkichlar dala daftariga qayd etib boriladi.
So‘ngra terimga qadar g‘o‘zalarning yetilishi bo‘yicha 3 marta dala ko‘rigi o‘tkaziladi. Birinchi ko‘rik: g‘o‘zalar 45 foiz gullashni boshlaganida o‘tkaziladi, bunda oilalarning holati, tashqi ko‘rinishi bo‘yicha tekshirilib, yaroqli-yaroqsizga chiqariladi. Ikkinchi ko‘rik: ko‘saklash davrida o‘tkaziladi. Bunda g‘o‘zaning holati, ko‘sakning shakli eʼtiborga olinadi va bunda ham yaroqli-yaroqsizga ajratiladi. Uchinchi ko‘rik: terimdan oldin qaysi oilaning sog‘lomligi, qaysilari yaroqsizligi tekshirilib, keyin terimga ruxsat beriladi. Terimda paxtani pastdagi shoxdan toki yuqoridagi 7-shoxgacha yaruslab teriladi. Terilgan paxtalar maxsus qopchalarga joylanib, urug‘chilik markazining omborxonasiga olib boriladi. Shundan so‘ng ular laboratoriya tekshiruvlarida tahlil qilinadi va butunlay sog‘lom oilali urug‘lar respublika markazining komissiyasiga topshiriladi. Ushbu komissiya tekshiruvlaridan so‘ng qaysi oilali g‘o‘za urug‘lik chigitlari dala maydonlariga ekilishi uchun ruxsat beriladi.
Urug‘chilik markazi tomonidan 2022-yilda fermer xo‘jaliklariga 28 ming tonna sara chigitlik urug‘liklari yetkazib berildi. 3 tonna urug‘lik chigitni esa markazning o‘zi keyingi yilda ekish uchun zahirasiga qoldirdi.
Sara urug‘ mo‘l hosil garovi deb bejizga aytishmaydi. Respublikamizdagi g‘o‘za va don ekishga mo‘ljallangan yerlarda nechog‘li sara va sifatli urug‘liklar ekilsa, hosil ham shunga yarasha mo‘l bo‘ladi. Bu esa markaz xodimlarining eng muhim maqsadlariga aylangan.
Shuningdek, “Namangan elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda nafaqat g‘o‘za, don, balki sabzavot, don-dukkakli ekinlarning urug‘larini yetishtirib berish bilan ham shug‘ullaniladi. Jumladan, soya, osh lavlagi, sabzi, makkajo‘xori, soya urug‘lari ham yetishtirilib, fermerlarga yetkaziladi. Shu bilan birga, markaz tarkibida sabzavot shahobchasi ham tashkil etilib, shu hududdagi fermerlar, tomorqa yer egalariga sifatli urug‘liklar yetkazilib, ularning ishi osonlashirilyapti.
Urug‘chilik markazining hali oldinda rejalari bisyor. Ular mamlakatimiz uchun yanada sifatli va yuqori hosilli, kasallik va zararkunandalarga chidamli urug‘lik navlarini yetkazib berib, qishloq xo‘jaligining rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qilishgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: