Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Germaniyaning “CLAAS Central Asia Investment” kompaniyasi bosh direktori Anderssen Peter Lars Martin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Unda qishloq xo‘jaligi sohasining agrotexnika yo‘nalishi bo‘yicha kompaniya bilan hamkorlikning istiqbolli jihatlari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri ekanligi va bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining sal kam 30 foizini tashkil qilishi, ayni paytda esa sohaga zamonaviy texnikalarni jalb etish orqali hosildorlikni oshirish, aholini sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bugungi kundagi ustuvor vazifalardan biri ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, tomonlar yurtimizning qulay geografik joylashuvi, Markaziy Osiyodagi eng ko‘p sonli aholi, malakali ishchi kuchi, boy tabiiy resurslarga egaligi va o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi kabi jahon iqtisodiyotidagi asosiy ustun jihatlariga hamda e’tibor qaratishdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilarning texnikalari uchun mahalliylashtirish darajasi talab qilinmasdan texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratish belgilanayotgani haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalisharini aniqlash va memorandum imzolash bo‘yicha kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: