Bugun qishloq xo‘jaligi sohasining rivojida maʼlum bir yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlarining, ularning zamonaviy laboratoriyalarida olib borilayotgan tahlil va izlanishlarning o‘rni beqiyos. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida bugungi kunda o‘simliklarni asrash, ularni zararkunanda va hashoratlardan himoya qilish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Institutning “O‘simliklarni himoya qilish” laboratoriyasida tadqiqotlar olib borish bilan birgalikda respublikamizdagi fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda klasterlar bilan ham shartnoma asosida ishlar olib borilmoqda. Ularning yer maydonlarida uchraydigan o‘simliklarning kasalliklari, zararkunanda hashoratlar laboratoriyaga olib kelinib, tahlil qilinadi, uning sabablari o‘rganiladi va kurash choralari belgilanadi. Ushbu profilaktik tadbirlarlar sohaga yangicha yondashuvlar asosida ishlab chiqiladi va tavsiyalar taqdim etiladi. Shuningdek, ushbu laboratoriyada biologik entomofaglarni ko‘paytirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalarning tuxumlari va qurtlarini nobud qilishga xizmat qiladigan entomofaglar tayyorlash jarayonini o‘z ichiga oladi.
O‘simliklarning zararkunundalarini, tuxumlarini entomofaglar yeb, nobud qiladi.
Trixogramma tunlam tuxumlariga qarshi qo‘llaniladi. U asosan don kuyasining tuxumlarida ko‘paytiriladi. Parazitning barcha rivojlanish davri o‘ljaning tuxumida o‘tadi. Uni g‘umbak yoki yetuk shaklida ishchilar qo‘l kuchi yordamida dalaga chiqarib tarqatiladi. Brakondan o‘rta va katta yoshli ko‘sak qurtlariga qarshi foydalaniladi. U tashqi parazit bo‘lib, ko‘sak qurtining o‘rta va katta yoshdagi qurtlarini falajlab, so‘ng ustiga 4-5 tadan toki 16 tagacha tuxum qo‘yadi.
Oltinko‘z zararkunandalarning tuxumlari va kichik yoshdagi qurtlarni bartaraf etadi. O‘rta va katta yoshdagi qurtlarni esa brakon yayloqchi kapalagi orqali yo‘qotish mumkin. Oltinko‘z entomofagi mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridagi o‘simliklarni zararlaydigan zararkunundalar va tuxumlarini yo‘q qilishda bezarar va samarali entomofag hisoblanadi. U zararkunandalarning 70 dan ziyod, kanalarning 11 turi bilan oziqlanadi. Oltinko‘z hammaxo‘r kushanda bo‘lgani bois, o‘simlik shiralari, tripslar, o‘rgimchakkana, tunlam kapalaklarning tuxumi va yosh qurtlariga qiron keltiradi.
Ushbu entomofaglarni ko‘paytirish va uning foydali xususiyatlari haqida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining “O‘simliklarni himoya qilish” laboratoriyasidan tayyorlangan lavhamiz orqali hikoya qilamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: