Yurtimizning shimolida sovuq taʼsirida stress holatiga tushgan ekinlar va mevali daraxtlarning naf olishi uchun qoʻshimcha agrotexnik ishlar olib borilayotgan bir paytda janubiy viloyat Surxondaryoda pishiqchilik mavsumi boshlandi.
Bir muddat avval viloyatning baʼzi tumanlarida gilos pishib yetilgani haqida xabar bergan edik. Ayni paytda esa viloyatning ayrim tumanlarida oʻrik gʻarq pishib yetildi.
Jumladan Termiz tumanida o‘rik hosilini terib olish mavsumi boshlab yuborilgan.
Tumanning “Xalqobod” mahallasi hududida joylashgan “SPN Humoagro” MChJning 58 gektar yer maydoniga Turkiya, Italiya va Gretsiya kabi davlatlardan keltirib ekilgan 18 turdagi ertapishar, hosildor o‘rik navlari pishib yetildi.
Erta pishar o‘rik kunlik terib olinib, har kuni 10 tonnadan ortiq mahsulot Rossiyaga eksport qilinmoqda hamda mahalliy aholi iste’moli uchun ichki bozorlarga chiqarilmoqda.
Bundan tashqari, “SPN Humoagro” MChJ tomonidan bu yilgi mavsum davomida 300 tonnaga yaqin o‘rik hosilini yig‘ishtirib olish va chet davlatlarga 300-350 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 30 ta doimiy, 300 tagacha mavsumiy ish o‘rinlarini yaratgan MChJ tomonidan 30 gektar maydonda shaftoli ham ekilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: